Turkiyadagi vatandoshimiz fojiasi yoxud konsullik fuqarolarimizga hayotligida ko‘mak ko‘rsatish uchun tashkil etilgan emasmi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherboyev va Bekzod Ortiqov so‘nggi paytlarda xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq noxush holatlar ko‘payib borayotgani hamda bunday holatlarda tegishli diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligi haqida fikr bildirdi.
"So‘nggi vaqtlarda Internet butunjahon axborot tarmoqlari orqali musofirchilikda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz bilan bog‘liq turli noxush holatlar haqida eshitayapmiz.
Shunday holatlar qatorida Turkiya davlatida hayoti o‘lim bilan yakun topgan yurtdoshimiz N.Qodirova bilan bog‘liq vaziyatni keltirish mumkin. Mazkur masala ko‘pchilik qatori biz uchun ham qayg‘uli.
Bu holat yana bir bor chet ellarda vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga doir masalalarni kompleks tarzda qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. Va afsuski, bunda tegishli diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligini bildirib o‘tmoqchimiz.
Chunki yosh fuqaromiz N.Qodirovaning masalasi bo‘yicha turkiyalik faol jamoatchilik vakillari zarur qonuniy choralarni ko‘rib, haqiqatni qaror toptirish talabini qo‘yayotgan bir paytda, Tashqi ishlar vazirligi vaziyat elchixona nazoratida ekanligini bildirib o‘tish bilan cheklandi, xolos.
Biroq nazarimizda elchixona va konsullik xizmati avvalo vaziyatni inson o‘limiga olib kelgunga qadar nazoratga olishi va shu vaqt ichida fuqarolarimizga zarur huquqiy yordam ko‘rsatishi kerak edi. Chunki konsullik avvalo marhum emas, hayot fuqarolarimizga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.
Biz Turkiya huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan bu holat bo‘yicha tergov ishlari inson huquqlarini himoya qilishning oliy darajasida ko‘rilib, shaffof, adolatli va qonuniy olib borilishiga qattiq umid qilamiz.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun chet ellardagi elchixona va konsulliklarimiz fuqarolarimizni huquqiy himoya qilish, ularning sarsongarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik borasida haligacha “passiv”lik qilishmoqda? Chet ellardagi elchixona va konsulliklarimizda turli byurokratik qoidalar, navbatlar va ba’zan konsullarimizning inson taqdiriga befarq bo‘lishi kabi holatlar haqida saylovchilardan ham ko‘p bora eshitishga to‘g‘ri kelmoqda.
Vaholanki, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga muvofiq chet elda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining himoyasi va homiyligidan foydalanadilar. Buni amalga oshirishda esa biz elchixonalarimiz va konsulliklarimizga suyanamiz.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga muvofiq konsullik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda berilgan barcha huquqlardan to‘liq hajmda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan choralar ko‘rish maqsadida amalga oshiriladi.
Shuningdek, yaqinda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat hududi va tashqarisida ham ishonchli ijtimoiy va huquqiy himoya kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha alohida Farmoni qabul qilindi.
Turkiyadagi holat ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan birgina misol xolos. Afsuski, boshqa mamlakatlardagi vaziyat ham havas qilarlik emas aslida.
O‘zLiDeP tomonidan mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi saylovoldi platformasining ustuvor vazifalari qatorida belgilanayotgan bir vaqtda biz Turkiyadagi noxush holatdan kelib chiqib, Tashqi ishlar vazirligi chet ellardagi barcha elchixona va konusulliklarimiz tomonidan fuqarolarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi sustkashliklari yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishi kerak, deb hisoblaymiz.
Shu bois, mazkur masala bo‘yicha deputatlik so‘rovi kiritib, tez kunlarda uning natijalari haqida jamoatchilikni xabardor qilishga qaror qildik".