Turkiyalik deputat ko‘rsatmasida Nodirani o‘z qizidek ko‘rganini aytgan
Turk ODATV nashri deputat Shirin Unal Nodira Qodirovaning o‘limi haqida bosh prokurorga bergan ko‘rsatmasida nima degani haqida ma’lum qildi.
"Nodira oxirgi paytda o‘zini boshqacha tuta boshlaganidan so‘ng psixiolog ko‘rigiga olib borishga qaror qildim. U gohida hech qanday sababsiz yig‘lardi, gohida kulardi. Endi davolanishni boshlaganda ushbu kutilmagan noxush holat yuz berdi. U menga qizimdek bo‘lib qolgan edi”, degan deputat.
Voqea sodir bo‘lgan kun uyda to‘pponcha yo‘qolib qolgan. Deputat Nodiradan so‘raganida, u asabiylasha boshlagani va qurol unda emasligini aytgan. Shunda deputat to‘pponcha unda ekanini darhol anglab, hoziroq akasiga qo‘ng‘iroq qilib bildirishini aytgan va pastki qavatga tushgan.
Shu paytda Nodira Qodirova Unalning qizini xonadan chiqarib, ichidan qulflab olgan. Deputat qizining “keling tezroq, dada, keling” deb baqirganidan keyin deputat yuqori qavatga chiqqayotganda to‘pponcha ovozi eshitilgan.
Tezda yetib kelgan politsiya eshikni buzib kirganida Nodira Qodirova tirik bo‘lgan va darhol shifoxonaga yotqizilgan.
“Voqea sodir bo‘lganiga 10 kun bo‘ldi. Ammo deputat hali-hanuz OAVga ochiq bayonot berganicha yo‘q”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya hukumatida ko‘pchilikni tashkil etgan Adolat va tiklanish partiyasi deputati Shirin Unalning Anqaradagi uyida uning ayoliga qaragan 23 yashar Nodira Qodirova bir necha kun muqaddam o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi.