Oliygohlarda ish boshlayotgan “Tyutor”lar kim? Ular nima ish qiladi?

“Tyutor” so‘zi lotincha “Tutorem” - ustoz, murabbiy. Ba’zi hollarda ma’ruza o‘qituvchisi bilan tinglovchi orasidagi bog‘lovchi, ya’ni ma’ruzachi tomonidan berilgan bilimlarni keng egallashda maslahatchi va ustoz vazifasini bajaradi.

Bu so‘z o‘zbek tilining izohli lug‘atiga kiritilmagan. Shunga qaramay yangi termin sifatida nafaqat tilimizda, balki oliy ta’limda ma’lum bir lavozim sifatida qo‘llanmoqda.

Hukumatning tegishli qarori bilan 2021 yil 1 sentyabrdan talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilindi va 1-3-kurs talabalari uchun muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko‘rsatuvchi “Tyutor”larni biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hujjatga muvofiq, har 120-150 nafar talabaga 1 ta shtat birligi hisobida “Tyutor” lavozimi kiritildi.

“Tyutor”ning asosiy vazifasi — ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda universitet va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarning universitet hayoti va ta’lim jarayoniga moslashishiga ko‘maklashish, ularga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga mehrni oshirishdir. Shu bilan birga, ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib boradi va sifatini oshiradi, ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi.

Xo‘sh, “Tyutor” so‘zi tilda salbiylikni keltirib chiqaradimi, yo‘qmi? Albatta, keltirib chiqaradi. Masalan, o‘zbekcha so‘z o‘rnini xorijiy so‘z egallaydi, “ustoz”, “murabbiy” so‘zlari kam talaffuz qilinadi va “Tyutor” so‘zining qo‘llanilish ko‘lami kengayadi. Natijada, bu o‘zbekcha so‘zlarning yo‘qolishiga va qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi.

Shuning uchun “Tyutor” o‘rniga barcha uchun tushunarli bo‘lgan tarbiyachi, ma’rifat targ‘ibotchisi singari so‘zlar qo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Mazmunan bu so‘zlarni “Tyutor” termini o‘rnida qo‘llasa bo‘ladi. Bordi-yu bu so‘z tilimizda doimiy ishlatiladigan termin sifatida qo‘llansa, avvalo, uni o‘zbek tilining izohli lug‘atiga kiritish va sinonimlari bilan birga qo‘llash lozim.
Siz nima deysiz?

Fazliddin Ro‘ziboyev.