"Uchar tovuqlar" yoxud maktabgacha ta’lim muassasalarida ahvol qanday?
Samarqand viloyat hokimligining apparat yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tuman ishchi guruhi tomonidan bir qator maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ahvol o‘rganib chiqildi.
Afsuski, tekshiruv olib borilgan 4 ta MTMning birortasida ham bu borada biron bir ijobiy holatlar kuzatilmadi. Achinarlisi, muassasa taomnomasida ko‘rsatilgan barcha mahsulotlar ayniqsa, go‘sht mahsulotlari bolajonlarga to‘liq yetkazib berilayotgani yo‘q. Misol uchun Xoja Ahrori Vali mahallasida joylashgan 1 - maktabgacha ta’lim muassasasida (mudirasi Laziza Akobirova) taomnoma bo‘yicha 180 nafar bolaning ovqatiga 18 kg go‘sht solinishi kerak bo‘lgan holda birinchi ovqatga bor - yo‘g‘i 5 kg tovuq go‘shti solingan. Soat 11:00 dan o‘tgan bo‘lishiga qaramay ikkinchi ovqatni tayyorlashga hali kirishilmaganligini qanday izohlash mumkin. Yoki "tabaka" bo‘lishini bilgan tovuqlar qanot chiqarib "uchib" ketdimikan?
Faqat bu emas, muassasada sanitariya - gigiyena qoidalariga rioya etish ham talab darajasida deb bo‘lmaydi. 3-o‘rta guruhda kanalizatsiya tarmog‘i ishlamayotganligi bois, hammayoqni badbo‘y hid egallab olgan. Mazkur holatga xodimlardan izoh so‘ralganda, negadir javob berishdan bosh tortishdi. Guruhlarda qaynatilgan suv tashkil etilmagan. Qo‘shko‘prik mahallasidagi 25 - MTMda (mudira Sanobar Mirsaidova) ham ahvol bu yerdagidan yaxshi emas. Obodonchilik ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotibdi. Ikkinchi ovqatni tashqarida (o‘choqda) sanitariya qoidalariga zid tarzda tayyorlanayotganligi guvohi bo‘ldik. Muassasada yong‘in xavfsizligi holatini ko‘zdan kechirganimizda, 4 nuqtali gaz plitasi mavjud bo‘lib undan havoso‘rgichsiz va rezina shlang orqali foydalayotganligi ma’lum bo‘ldi. Favqulodda holat paytida yoki yong‘in sodir bo‘lganda binodagi moddiy boylik va insonlarni qutqaruv rejasi tasdiqlanmagan. 1 dona OP-3 yong‘in o‘chirish vositasi ham nosoz ahvolda. Yong‘inga qarshi hovuz mavjud bo‘lsa-da, suv bilan to‘ldirilmagan, ichini begona o‘t bosib yotibdi.
Ipakchi mahallasida joylashgan 13-MTMdagi ahvol bundanda achinarli. Muassasa hovlisida begona itlar daydib yuribdi. Bu esa bolalar hayotiga katta xavf solishi na bog‘cha xodimlari va na tegishli idora mutasaddilarini xayollariga ham kelmayapti. Hovli begona o‘tlardan tozalanmagan, obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. O‘sha kuni bog‘chada 48 nafar tarbiyalanuvchilarga ovqat tayyorlangan bo‘lib, haqiqatda 58 nafar bolalarga tarqatilganligi aniqlandi.
Yong‘in xavfsizligi holatini o‘rganish jarayonida bog‘cha kuz-qish mavsumiga mutlaqo tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek Mirishkor mahallasidagi 9-MTMda ham xuddi yuqoridagilar kabi holat va manzaralarni kuzatish mumkin. Bu esa bugun tumandagi ko‘pgina maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ahvol o‘ta qoniqarsiz, talab darajasida emasligidan dalolat beradi. Xo‘sh, bunga asosiy sabab nima? Kimlarning aybi bilan ahvol shu darajaga yetgan? Qayd etilgan kamchiliklar qachon bartaraf etiladi? Tahririyat tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilaridan javob kutadi.
Samarqand tuman hokimligi
axborot xizmati.