Uchinchi renessans sari dadil boshlayotgan Prezidentimga safdosh ekanimdan faxrlanaman

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini vujudim bilan eshitdim. Chunki men muhtaram Prezidentimiz bu nufuzli minbarda 2017 yildagidek jasorat bilan so‘zlashiga ishonardim.

Ochig‘i, voqea, jarayon men kutganimdan ham ziyoda bo‘ldi. Nutqni eshitib bo‘lgach, yuragim to‘lqinlanib ketdi, o‘z-o‘zidan nido berdi.

Mening ona tilimda tabarruk minbarda salohiyat bilan gapirgan Prezidentimdan g‘ururlandim. Dunyo ahliga saboq bo‘lgan nutqqa e’tibordan faxrlandim. Chunki mening bilishimcha, dunyodagi sanoqli davlatlar rahbarlarigina BMT minbarida bu qadar keng qamrovli, hayotiy g‘oyali nutq so‘zlagan xolos.

Aytingchi, qachon bizda bunday keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgan yoki shunga harakat qilingan? Qani aytingchi, keyingi uch yil ichida birorta oy yoki hafta bormikin, unda ishbilarmon manfaati yo‘lida qonun, qaror yoki farmon chiqmagan bo‘lsa?

Aytingchi, bir-ikki yil ichida bolalar bog‘chasiga qatnaydigan kichkintoylar salmog‘ini 19 foizdan 50 foizga olib chiqish oson ishmi?

Yaqin-yaqingacha maktab bitiruvchilarining bor-yo‘g‘i 9 foizi oliy maktabga kirardi. Axir bugun bu ko‘rsatkich 25 foizga yetdi! Aytingchi, g‘ururlanmay bo‘ladimi bu yutuq bilan?!

Davlatimiz rahbari bizni Yangi O‘zbekiston barpo etishga ishontirdi O‘zini ayamayapti, hammaga ibrat ko‘rsatyapti. Har bir soha, har bir odam doimo e’tiborida. Men Yangi O‘zbekiston qurilishida ishtirok etayotganim, salohiyatli karvonni uchinchi renessans sari dadil boshlayotgan Prezidentimga safdosh ekanimdan faxrlandim.

Bir men emas, butun dunyo, manaman degan davlatlar O‘zbekiston Prezidenti nutqidagi g‘oyalarni e’tirof etayapti, O‘zbekiston dunyoga yangicha qiyofa taqdim etayotganini tan olayapti.

Kim nima desa, deyaversin, har kim gapirish huquqiga ega. Ammo mening qalbimning nidosi shu!

Og‘ziga kuchi yetmaganlar atrofga bir qarab fikr qilsin. Kecha qanday ahvolda edigu, bugun qandaymiz? Demokratiya yo‘q, deb dod solayotganlar, aytsin qani, siyosatni tanqid qilganlar sal oldinroq Jasliq turmasida qamalmasmidi? Bugun bu qamoqxona tag-tomiri bilan yo‘qoldi! Ularga hozir ko‘nglidagi gapini aytishga ham shu davlat huquq bermadimi?

Aziz yurtdoshlarim, davlatimiz rahbari dunyo hamjamiyatini hamjihatlikka chorlab gapirdi. Shunday ekan, biz birdamlikda barchaga ibrat bo‘laylik. Prezidentimiz atrofida birlashib ishlaylik, Vatanimizni sevishni, ardoqlashni o‘rganaylik. O‘shanda biz yanada kuchli, aqlli, qudratli millatga aylanamiz. Bunga shubha yo‘q.

Erkinjon TURDIMOV,

Samarqand viloyati hokimi.