Uchqunlagan umid

Farhod bilan Gulsevarning Umid dunyoga kelganida baxt qushi boshiga qo‘ndi, ulardan boshqa hech bir inson bu baxtni his qilmayotgandek edi go‘yo. Ota-onani oppoq farishtadek beg‘ubor bolakaydan taralayotgan jannatiy ifor tamomila o‘ziga maftun qilgandi. Bolakayga istiqbolli kelajak umidida Umidjon deb ism qo‘yishdi. Farhod o‘zi iqtisodchi bo‘lgani uchunmi, o‘g‘lining bank xodimi bo‘lishini orzu qilardi. Shu bois bolakay juda kichikligidan kompyuter va telefonlar og‘ushida ulg‘aya boshladi. Hali maktabga bormay turib, kompyuterni shu qadar tushunib olgan Umidjon klaviaturani xuddi pianino chalayotgandek harakatlantirar, ko‘zlarini kompyuter o‘yinlaridan uzmasdi. Hali 6 yoshga to‘lmagan bolakayda shunday iqtidor bor ediki, buni ota-onasi payqamasdi. Kompyuter o‘yinlari domiga tushib borayotgan farzandining tonggacha uxlamay, o‘ynab chiqqani Farhod bilan Gulsevarni hatto suyuntirardi.

Umidjonning maktabdagi ta’limi ham shu tarzda o‘tar ekan, uning hanuz kompyuter o‘yinlari, bo‘lmag‘ur xorijiy qo‘shiqlarni xirgoyi qilishi ota-onaning g‘ashini keltiradigan bo‘ldi. O‘g‘li esa darsdan qaytgach, yana telbalarcha kompyuterga yopishardi. Farzandidagi bu kasallik ota-onaning tez-tez tortishib qolishiga sabab bo‘lar, Umid bu janjallarga parvo ham qilmasdi. Ota-onasining janjallari uning ongiga borgan sari salbiy ta’sir qilib, o‘yinlardagi qahramonlarni ayovsiz “otib” tashlayverardi. Ko‘cha-ko‘yga chiqqanida ham qo‘lida eng so‘nggi rusumdagi telefon, quloqchinni ildirgancha, goh pista chaqib, gohida turli xil suv idishlari-yu qog‘ozlarni yo‘lning har burchagiga tashlab ketaverardi. Uni tashqi olam umuman qiziqtirmas, o‘zining virtual olamida yolg‘iz va yovuz bo‘lib shakllanayotgan edi.

Bugungi dars Umidni ancha toliqtirdi. Darslar tugagach, chap muyulishdagi do‘konga kirdi, odatdagiday bitta energetik ichimlik va bir hovuch pistani olib, uyi tomon yurdi. “O‘g‘lim, uyingni ham shunday to‘zitasanmi?”, deb kuyungan maktab farroshining so‘zlariga parvo ham qilmadi. Uyga kelgach, naridan beri ishtahasiz choy ichgan Umid krovatiga cho‘zildi-yu, bir zumda uxlab qoldi. Chunki kecha ham tong otguncha jangari o‘yinlarini o‘ynab chiqqandi...

Yo‘l chetida quloqchin taqqancha, xorijiy qo‘shiqni xirgoyi qilib ketar ekan, havoning badbo‘y hidi uning g‘ashini keltirdi. Birdan atrofni chang-to‘zon, pista po‘choqlari, ichimliklardan bo‘shagan idishlar, shirinlik qog‘ozlari qopladi. Qo‘rqa-pisa tevarakka nazar soldi - g‘arib va xarob ahvoldagi yigit-qizlarning chiqindi titib yurganiga ko‘zi tushdi. Dov-daraxtlarning bu yanglig‘ ifloslangan dunyoda qovjirab borayotgani, ularning “Biz sen tufayli halok bo‘lyapmiz”, deya chinqirayotgani quloqlarini uzib olgudek eshitildi. Og‘riqli ovozning chinqirig‘i tobora oshib, Umidning ko‘zlari tinib, badbo‘ylik dunyosiga sho‘ng‘ib borayotgandi. Yo‘q…

Sovuq terga botgan Umid o‘rnidan dast turdi-yu birdan ko‘zguga nazar tashladi, sovuq tushi ta’sirida o‘zgargan aksidan qo‘rqib ketdi. Dushga kirib, obdon yuvindi, sochlarini tekislab taraganday bo‘ldi.

Gulchiroy ABDULLAYeVA,

Paxtachi tumani.