Uddalaganga, tomorqa – xazina

Aholi tomorqasi va g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, bir qator vazirliklar va mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi bugun Samarqand viloyatida ish boshladi.

 Viloyat hokimligida ishchi guruhning tumanlarga chiqishi oldidan yig‘ilish o‘tkazilib, ayni paytda Samarqandda tomorqa xo‘jaliklardan samarali foydalanish, “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo‘yicha olib borilayotgan ishlari haqida ma’lumot berildi.

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xayitov aholi tomorqasi va g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekish ishlarini tashkil etishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar, aholiga bu borada zarur amaliy ko‘mak berish yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etdi.

Jumladan, aholi tomorqasida issiqxonalar tashkil etishni ko‘paytirish, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarda tomorqa egalarini ma’lum bir qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirishga o‘rgatish, parrandachilik, chorvachilik va bog‘dorchilikda yuqori samaradorlikka erishish uchun zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Samarqand viloyatida aholi xonadonlarida 10 mingga yaqin issiqxona tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirgacha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 4400 dan ortlar issiqxona tashkil etildi. Bahorgi mavsumda aholi tomorqalarining 90 foiziga ekin ekilishi ta’minlandi. Endilikda ushbu maydonlar hamda g‘alladan bo‘shaydigan yerlarga takroriy ekin ekishni uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi, ishchi guruhi bu borada aholiga zarur tavsiya va maslahat berishi kerakligi aytildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari tumanlarga chiqib, uyma-uy yurish orqali tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda, takliflarni eshitmoqda.

Pastdarg‘om tumanidagi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida 710 xonadonda 4600 dan ortiq aholi yashaydi. Deyarli barcha oila o‘z tomorqasiga ega. Qishloq ahli bahori mavsumda tomorqasida asosan sabzavot ekinlari ekib, ayni paytda hosilni yig‘ishtirib olishga taraddud ko‘rmoqda. Shu bilan birga yerga ikkinchi ekin ekishni ham rejalashtirib qo‘yishgan. Bir necha xonadonda esa issiqxonalarda yil davomida mahsulot yetishtirilib, oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Yaxshiboy Bobonazarov ana shunday omilkor tomorqachilardan biri. U 12 sotix tomorqasining 3 sotixida issiqxona tashkil etgan. Erta bahorda issiqxonadagi dastlabki hosil – turli xil ko‘katlardan yaxshigina daromad qilgan dehqon hozirda ikkinchi hosil – pomidorni bozorga chiqarmoqda.

– Yana bir oylar hosilni yig‘ishtirib olgach, o‘rniga bodring ekamiz, – deydi Yaxshiboy Bobonazarov. – Ayni kuz paytida bu mahsulotning ham xaridori ko‘p bo‘ladi. Shu tarzda yil davomida issiqxonadan chiqmay, dehqonchilik qilamiz. Shunga yarasha daromad olyapmiz. Tomorqaning qolgan qismida ham kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa ekin yetishtiryapmiz. Bir necha tup mevali darxtimiz bor. Ularning hosilidan ham ro‘zg‘ordan ortganini bozorga chiqaramiz. Ro‘zg‘orimizning butligi, asosiy daromadimiz tomorqadan.

Shu mahallada yashovchi Qo‘chqor Rahimov 15 sotix tomorqasida sabzavot ekish bilan birga 15 tup anor, 14 tup anjir, 8 xil navdagi uzumdan ham mo‘l hosil olib, yiliga 25-30 million so‘m daromad olishini aytdi.

– Tomorqasi bor odamning ishsizman deb o‘tirishi yoki ro‘zg‘orida kami bo‘lishi uyat-da, – deydi Q.Rahimov. – Mehnat qilsa, kaftdek yerdan ham ro‘zg‘orni obod qilish, ham daromad olish mumkin. Buni o‘z hayotimizda ko‘rib turibmiz. Kartosha, pomidor, bulg‘or qalampiri ekib, yoz davomida shundan daromad qilamiz. Bog‘ning hosili esa kuzda yaxshigina pul bo‘ladi. Doimiy mehnat bilan mashg‘ulligimiz tufayli sog‘lom, tetikmiz.

Gumbaz mahallasida yashovchi Po‘lat Rahmonovning ham tomorqasi kattagina – 15 sotixdan ziyod ekan. Bu yerda shu paytgacha sabzavot mahsulotlari va meva yetishtirish bilan shug‘ullangan xonadon egasi joriy yilda 6 sotix maydonda 4 ta issiqxona tashkil etibdi.

– Bankdan 30 million so‘m kredit olib, shu issiqxonalarni qurdik, – deydi P.Rahmonov. – Bahorda bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri ekkandik. Birinchi issiqxonadagi hosilni sotib bo‘ldik, ikkinchi ekinga tayyorlayapmiz. Boshqa issixonalarda ham hosil navbati bilan tayyor bo‘lyapti. Serdaromad ish ekan. Nasib etsa, shu yilning o‘zida kreditning pulini ishlab topamiz. Bundan tashqari, kreditga 300 ta broyler jo‘ja olib parvarishlayapmiz. Yaqin orada bu tovuqlar ham go‘shtga tayyor bo‘ladi.

Afsuski, mahallalarda katta tomorqasidan maqsadli foydalanmayotgan yoki yerning umrini behuda o‘tkazayotgan oilalar ham borligi kuzatildi. Ishchi guruh a’zolari bunday xonadon egalari bilan suhbatlashib, ularga zarur tavsiya va maslahat berdi.

Ishchi guruh o‘rganishlari davom etmoqda.