Ukraina tarixida birinchi blekaut. Tizimni to‘liq tiklash vaqti noma’lum

23 noyabr kuni kechqurun Rossiya raketalari yana muhim infratuzilmaga zarba berganidan so‘ng Ukraina bo‘ylab shaharlar zulmatga botdi. Kiyev elektr quvvatisiz qoldi, Lvov va Xarkov ham qop-qorong‘u, «svet» Odessada ham yo‘q. Ukrainaning uchta elektr stansiyasi vaqtincha milliy tarmoqdan uzildi, bu millionlab aholi ahvolini yomonlashtirdi.

Ukraina Qurolli kuchlari nazoratiga qaytgan Xersonda quvonch qaytgandek, ko‘chalarda yengillik. Biroq shu bilan birga ko‘pchilik ocharchilik kelishidan qo‘rqishini yashirmaydi, Xerson aholisi faqat insonparvarlik yordami tufayli omon qolmoqda.

Buning ustiga chorshanba kuni Rossiya raketalari tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi ommaviy hujumdan so‘ng Ukrainada birinchi marta blekaut - energiya tizimi, jumladan, atom elektr stansiyalari to‘liq to‘xtadi va payshanba oqshomiga qadar Kiyev va bir qator viloyatlar aholisi elektrsiz qoldi.

Kiyev meri Vitaliy Klichko kecha kechqurun poytaxt aholisining 60 foizi elektr energiyasiz qolganini aytdi.

"Ukrenergo" elektr tarmog‘idagi energiya taqchilligi 50 foizga qisqartirilgani, ammo barcha atom elektr stansiyalari yoqilgani va asta-sekin quvvatga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Ammo stansiyalar to‘liq tiklanish vaqtini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Energetika ministri Galushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bugun ertalab to‘rtda energetiklar mamlakatning butun tizimini qayta birlashtirishga va eng muhim infratuzilma ob’yektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Qanday bo‘lsa-da yengillik paydo bo‘lguncha, ehtimol vaziyat yanada yomonlashar. Mamlakat energetika tizimi ob’yektlarining yarmi butunlay ishdan chiqqan yoki jiddiy shikastlangan. Millionlab odamlar qishni elektr quvvati va issiqliksiz o‘tkazadi. Mamlakat hukumati energiya tarmog‘idagi yukni kamaytirish uchun ukrainalik qochqinlarni hali uylariga qaytmaslikka chaqirmoqda. Siyosatchilarning fikriga ko‘ra, qishdan o‘tib olish – ukrainaliklar uchun bugungi kunda eng katta g‘alaba bo‘lib ko‘rinmoqda.