Ukrainada yuz bergan suv toshqini oqibatida 100 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li yaroqsiz holga keldi, 3 kishi halok bo‘ldi

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida Ukrainaning Ivanovo-Frankovsk viloyatida yuz kilometrdan ortiq avtotrassa va 90 ta ko‘prik yaroqsiz holga kelib qoldi. Bu haqda 24 iyun kuni mamlakat IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ivanovo-Frankovsk va Chernovitskiy viloyatlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik sababli dushanba kuni Ukraina Ichki ishlar vazirligi favqulodda xavfsizlik choralarini joriy etgandi.

24 iyun kuni Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik tufayli 3 kishi halok bo‘lgan va bir kishi bedarak yo‘qolgan.

«Umumiy hisobda 110 kilometr avtomobil yo‘li va 90 ta ko‘prik vayron bo‘ldi. 429,4 kilometrlik avtotrassa va 130 ta ko‘prik shikastlandi. 34 ta aholi yashash punktlari bilan transport qatnovi uzilgan», deya ta’kidlangan Ukraina IIV saytida.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal boshchiligida maxsus shtab tashkil etildi.

Jabr ko‘rgan hududlarga aviatsiya va harbiylar yuborildi.