Urgut tumanida Kamangaron va Vag‘ashti “Obod qishloq”qa qo‘shildi

Joriy yilda Urgut tumanidagi Oqmachit, Tinchlik va Sariqtepa aholi massivlarida Samarqand viloyatidagi 42 qishloq qatorida “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda tumanga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi kelib, dastur ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Urgutning boshqa qishloqlarida ham bo‘lib, aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi. Odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni eshitdi.

Jumladan, Kamangaron va Vag‘ashti qishloqlarida shu paytgacha maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilmagani, o‘tgan asrning 80-90 yillarida qurilgan maktablarning haligacha ta’mirlanmagani, qishloq vrachlik punktlarining moslashtirilgan binolarda faoliyat ko‘rsatayotgani, yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti va boshqa masalalarda ko‘plab muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.

Shu yerning o‘zida ikki qishloq faollari, viloyat va tuman hokimliklari, boshqarma va idoralar mas’ullari ishtirokida muammolar muhokama etildi. Kamangaron va Vag‘ashti 2020 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritiladigan, lekin qurilish-obodonlashtirish ishlari hozirdanoq boshlanadigan bo‘ldi.

Qisqa vaqt ichida ikki qishloq ham qurilish maydoniga aylandi. Kamangarondagi 1990 yilda qurilganidan buyon ta’mirlanmagan, 784 o‘rinli 102-umumta’lim maktabini kapital rekonstruksiya qilishga kirishildi. 49-umumta’lim maktabi kapital ta’mirlanib, 360 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilmoqda. Vag‘ashtidagi 9-umumta’lim maktabi uchun ham 420 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi boshlandi. Ushbu maktablarda sun’iy qoplamali zamonaviy o‘yingohlar ham tashkil etiladi. Ikki mahallada bittadan davlat-xususiy sherikchilik asosida, bittadan xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Shuningdek, hammom, qolipli non pishirish sexi, bir qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmulari uchun joylar belgilandi.

– Qishlog‘imiz tumandagi aholisi eng ko‘p hududlardan biri, – deydi Kamangaron mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bolta Akramov. – 1700 ga yaqin xonadonda 11 mingdan ortiq aholi yashaydi. Dastur bo‘yicha hududimizdagi 40 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizish, 7 kilometrni asfalt qilish, 86 dona elektr tayanch ustunlari o‘rnatish va 2,5 kilometrlik elektr kabeli tortish, mavjud 14 ta transformatorni ta’mirlash  va 1 ta yangi transformator o‘rnatish rejalashtirilgan. Qishlog‘imiz xonadonlariga asosan tog‘dagi buloqlardan suv tarmog‘i tortilgan. Bu yerdagi ikkita hovuz ham ta’mirlanadi. Shu paytgacha qishlog‘imida bitta artezian bor edi, endi yana bitta qaziladigan bo‘ldi. 1,6 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Qishloq vrachlik punkti va tez tibbiy yordam shoxobchasini ham rekonstruksiya qilinadi. Mahalladoshlarimizni quvontirgan yana bir yangilik – qishlog‘imizda, tog‘ etagida 5 gektarlik maydonda istirohat bog‘i tashkil etilishi bo‘ldi. Bu yerdan qishlog‘imiz yoshlari, tadbirkorlarga joy ajratib beryapmiz, belgilangan loyiha bo‘yicha ko‘ngilochar, dam olish maskanlari tashkil etishadi, attraksionlar olib kelishadi.

7100 nafardan ortiq aholi yashaydigan Vag‘ashti qishlog‘ida ham shu paytgacha maktabgacha ta’lim muassasi yo‘q ekan. Qishloq vrachlik punkti esa bir paytlar mahalla ahli tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda ham yozda chang, qishda loy bo‘ladigan tuproq yo‘llar, atrofi o‘ralmagan hovlilar bor. Odamlar ichimlik suvidan qiynalgan.

– Qishlog‘imizning “Obod qishloq” dasturiga tushishi va tezda qurilish ishlarining boshlangani aholining kayfiyatini ko‘tarib yubordi,– deydi Vag‘ashti mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ilhom Latipov. – Qishlog‘imiz ko‘chalari, uylar, maktab, bog‘cha, qishloq vrachlik punkti va boshqa ob’yektlarning loyihalari kelishi bilan odamlar o‘z uyini obod qilishga kirishib ketdi, 70 ga yaqin uy-joy ta’mirlanyapti. Eski QVP yonida yangisining poydevori qo‘yildi. 28 kilometrlik tuproq yo‘llarimizga shag‘al yotqiziladigan, 4 kilometrlik yo‘l esa asfalt qilinadigan bo‘ldi. Elektr energiyasi havo tarmoqlarida muammolarimiz bor edi. Endi ular ham barham topadi – dastur bo‘yicha qishlog‘imizga 126 dona elektr tayanch ustunlari o‘rnatish, 3,7 kilometr elektr kabeli tortish, 9 ta transformatorni rekonstruksiya qilish va 1 ta yangi transformator qo‘yish rejalashtirilgan. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 ta yangi artezian qudug‘i kovlanib, 4,3 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortiladi.

Darvoqe, bir-biriga qo‘shni bu ikki qishloqda amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari doirasida Kamangaron va Vag‘ashti mahalla fuqarolar yig‘inlarini o‘rtasidagi Urgut soyida 27 metr uzunlikdagi “Do‘stlik” ko‘prigini qurish mo‘ljallanmoqda.