Urgut tumanida “marixuana” sotilishining oldi olindi

Samarqand viloyati IIB JQB va bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Urgut tumani Torinjak mahallasi hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1981 yilda tug‘ilgan, Urgut tumani Beshkapa qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.K. tadbirda xaridor sifatida jalb qilingan bojxona xodimiga taxminan og‘irligi 1 kilogramm “marixuana” giyohvandlik moddasini 35.000.000 so‘mga sotishga kelishib, shundan 15.000.000 so‘m pul mablag‘ini sanab olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Bundan tashqari, xolislar ishtirokida 2 dona rangsiz, 2 dona ko‘k rangli, 3 dona qora rangli sellofan paketlarga joylangan “marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddalar muhrlanib tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Samarqand viloyati IIB EKBning xulosasiga ko‘ra, tadbir vaqtida hujjatlashtirib olingan yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli quruq holdagi giyohvand moddasiga o‘xshash vositasining jami sof og‘irligi 1 kilogramm 105,27 gramm “marixuanna” giyohvand moddasi turiga kirishi ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda olingan daliliy ashyoning manbasini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda IIV JQBB giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.