Urgutda 4,5 ming nafardan ziyod aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi
Bugun viloyatimizning barcha tumanlarida, chekka qishloqlarida yashovchi minglab aholi hokimliklar hamda viloyat “Suvoqava” DUK mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Bu esa ko‘p yillardan buyon toza ichimlik suviga muhtoj insonlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim bo‘layotir.
Shunday ishlardan biri Urgut tumani, Mo‘g‘ol mahallasida amalga oshirildi. Mahallada tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 74 million so‘m mablag‘ evaziga 5 ta artizan qudug‘i ta’mirlanib, 2,2 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazildi. Ikkita yangi artezian nasosi o‘rnatilib, suv minoralarini ta’mirlash ishlari yakunlandi. Suv nasoslarini ta’mirlash ishlari “Suvoqava” DUKning tuman filiali mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar samarasida mahallada yashovchi 780 xonadondagi 4770 nafarga yaqin aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lmoqda.
Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK matbuot xizmati.