Urgutda barpo etilgan DXM bir kunda 500 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega
Urgutda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, uni qayta ishlash, xalq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Urgutning o‘zida ayni kunlarda mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat ko‘rsatadi. Shu boisdan davlat xizmatlaridan foydalishga bo‘lgan talab tumanda birmuncha yuqori.
Tuman Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 2020 yilning shu kuniga qadar 67 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 2482 ta tadbirkorlik sub’yektlari, shuningdek, xorijiy investitsiya ishtirokidagi 6 ta korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Kecha urgutliklarga beminnat xizmat ko‘rsatayotgan Davlat xizmatlari markazi uchun yangi, zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan bino qurilib foydalanishga topshirildi. Endilikda ushbu yangi binoda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yanada ortib, bu ko‘rsatgichlar soni ikki barobarga oshishi ko‘zda tutilgan.
Markaz bir vaqtning o‘zida 24 nafar, bir kunda 500 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsata oladi. Elektron navbat tizimi 6 ta monitorda aks etib turadi.
Zamonaviy arxitektura yechimi asosida qurilgan markazning 2 qavatli binosida barcha sharoitlar yaratilgan. Infokiosk, kutish zali, kichik kutubxona, bolalar maydonchasi, oshxona, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar uchun alohida xonalar tashkil etilgan. Bank shoxobchasi ham markazning o‘zida tashkil etilganligi fuqarolarning zarur to‘lovlarini shu yerning o‘zida amalga oshirish imkonini beradi.