Urgutda yerning hisobi bormi? Nega tuman hokimining qarori bilan ikkita fermer xo‘jaligiga bitta yer maydoni ajratilgan?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.

O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida mahalliy davlat hokimiyatlari tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun yer maydonini ijaraga berish yuzasidan qonunbuzilish holatlari, fermer va fuqarolar tomonidan yer resurslaridan samarasiz foydalanish, yer maydonlarini o‘zlashtirish singari salbiy holatlar uchramoqda.

Jumladan, inspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi tomonidan tumandagi “Qoratepa granit bodomzor” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Umarovaning tuman hokimligi tomonidan o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan 370 va 413-dala konturlari “Nurli osmon zamin timsoli” fermer xo‘jaligiga ham ijaraga berilganligi haqidagi murojaati o‘rganib chiqildi.

– Aniqlanishicha, Urgut tumani hokimining 2016 yil 14 maydagi  1609-Q-sonli qarori bilan fuqaro J.Usmonovga fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun O.Uzoqov agrofirmasining 1549, 460, 457 va 450-raqamli dala konturlaridan jami 3,9 gektar yer maydoni ajratilib, “Nurli osmon zamini timsoli” fermer xo‘jaligi tashkil qilingan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Urgut tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Suvonov. –  Shuningdek, tuman hokimining 2020 yil 18 fevraldagi 383-Q-sonli qaroriga asosan, fermer xo‘jaligiga tuman hokimligi zaxira yer maydoni hisobidan 8,8 gektar yer maydoni ajratilgan. Shu asnoda “Nurli osmon zamini timsoli” fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ajratilgan jami yer maydoni 12,7 gektarni tashkil etadi. Lekin o‘tkazilgan monitoring-tahlil davomida O.Uzoqov agrofirmasining tegishli dala konturlaridan mazkur fermer xo‘jaligiga qarorda belgilanganidan 2,4 gektar ko‘p, ya’ni 15,1 gektar yer maydoni ajratilgani aniqlandi.

Shuningdek, tuman hokimining 2019 yil 8 fevraldagi 643-Q-sonli qarori bilan “Qoratepa granid mevalari” fermer xo‘jaligi “Qoratepa granit bodomzor” fermer xo‘jaligiga qo‘shilib, O.Uzoqov agrofirmasi hududidagi 25,4 gektar yer maydoni ijaraga berilgan.

Urgut tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘ining 2019 yil 9 sentyabrdagi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Urgut tumani bo‘limi raisiga berilgan 1047-sonli xatda Urgut tumani hokimining 643-Q-sonli qarori bilan 370 va 413 dala konturlari “Qoratepa granit bodomzor” fermer xo‘jaligiga ajratib berilganligi ma’lum bo‘ldi. Shu tarzda tuman hokimining qaroriga asosan bitta konturdagi yer maydoni ikkita fermer xo‘jaligiga ajratilgan.

Inspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi  holatlari,  ularning  kelib  chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

A.XUDOYoROV,

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori.