Urgutdagi maktablarda tungi navbatchilik tashkil etilmagan

Urgut tumanidagi maktablarda o‘qituvchilarning tungi navbatchilik qilishga majburlanayotgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumot yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.

Joriy yilning 17 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand viloyati Urgut tumani o‘qituvchilari nomidan yozmoqdamiz. Bizni maktabda tunu kun navbatchilik qilishga majburlashyapti” mazmunidagi ma’lumot tarqaldi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Urgut tumanida 142 ta umumta’lim maktablari, 14 ta maktab filiallari mavjud. Ularda o‘qish kunlari o‘qituvchilar tomonidan kunduzgi navbatchilik tashkil etilib, o‘quvchilarning xatti-harakatlari, darslarga o‘z vaqtida kirishi, maktab hududiga begona kishilarning kirish-chiqishi, umuman, ta’lim muassasadagi tartib-intizomga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘qituvchilarning tunu kun navbatchilik qilishi bo‘yicha Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limining buyrug‘i yoki og‘zaki topshirig‘i berilmaganligini ma’lum qilamiz. O‘zboshimchalik bilan umumta’lim muassasalarida ana shunday muammolar yuzaga kelganda uni o‘z vaqtida bartaraf etishga tayyormiz.

Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi.