Urgutlik elektromontyorning firibgarligi fosh etildi

Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi xodimlari tomonidan Urgut tumani Jartepa mahallasida yashovchi fuqaro J.N.ning arizasiga asosan tekshirish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.

Tekshirish harakatlari davomida Urgut elektr ta’minoti korxonasida elektromontyor vazifasida ishlovchi Sh.P. firibgarlik yo‘li bilan 2015 yil va 2018 yil kuz oylarida fuqaro J.N.ni aldab, uning ishonchini suiiste’mol qilgan.

Unga elektr hisoblash uskunasini o‘rnatish uchun tegishli xujjatlarni rasmiylashtirib berish vakolati bo‘lmasa-da, elektr hisoblash uskunasini elektr ta’minoti korxonasining kompyuter bazasiga kiritib berishini va’da qilgan.

Evaziga 400 ming so‘m pullarni fuqaro J.N.ning yashash xonadonida firibgarlik yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, Sh.P. o‘zining hamkasbi Urgut elektr ta’minoti korxonasida elektromontyor vazifasida ishlovchi A.E. orqali 2019 yil may oyida Urgut tumani Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro A.B.dan elektr energiyasidan foydalanish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 200 ming pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi tomonidan Sh.P.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasiga yuborilgan.