Urgutlik firibgarning kirdikorlari oshkor etildi
Joriy yilning 11 aprel kuni Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi Q.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va shu kuni «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs ikki nafar urgutliklarni «chuv» tushirib, pullarini firib yo‘li bilan o‘zlashtirib olganlikda ayblanmoqda. 2017 yil mart oyida Urgut tumani, Quyiqishloq mahallasida yashovchi fuqaro R.G.ga harbiy xizmatni o‘tab kelgan o‘g‘lini ishga joylashtirib berishni va’da qilib, undan 2 000 AQSh dollari miqdorida pullarni olgan va o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
2018 yil mart oyining o‘rtalarida esa Urgut tumani, Terak mahallasida yashovchi fuqaro T.J.ga jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan akasini muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berishda yordam berishini aytib, buning evaziga undan 4 950 AQSh dollarini oladi.
Ko‘rib turganimizdek, har ikkala holatda ham fuqarolarimiz hozirda mavjud shuncha imkoniyatlar bo‘lishiga qaramasdan, o‘z yumushlarini bir firibgar qo‘liga topshirganlar va oqibatda o‘zlari qiyin ahvolga tushib qolganlar.