Urgutning Mergancha va Navbog‘ mahallalaridagi ko‘p qavatli uylar tabiiy gaz bilan ta’minlandi. Qolganlarida ta’mirlash ishlari ketyapti

Zarnews.uz saytida “Murojaatdan keyin ham Urgutdagi ko‘p qavatli uylarga tabiiy gaz berilmayapti” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Urgut tumani markazidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining tabiiy gaz masalasidagi muammolari yoritilgan. Mazkur murojaat “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘rganib chiqildi va quyidagilar ma’lum qilinadi.

Urgut shahridagi Navbog‘ mahallasida 16 ta, Mergancha mahallasida 11 ta, Bog‘ishamol mahallasida 13 ta, jami 40 ta ko‘p qavatli uylar mavjud. Urgut tumani magistral gaz quvurlarining eng chekka nuqtasida joylashganligi va so‘nggi yillarda tabiiy gazga bo‘lgan talab birmuncha ortganligi tufayli tumandagi ko‘p qavatli uylarda gaz bosimi keskin pasayib ketgan. Gaz bosimi ushbu hudud aholisini qoniqtirmaganligi, shuningdek, mazkur ko‘p qavatli uylarga “zangori olov”ni bir me’yorda yetkazib berishning texnik imkoni mavjud bo‘lmaganligi hududda bir necha yil avval tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.

2020-2021 yillar kuz-qish mavsumi oldidan tumanning Navbog‘ va Mergancha mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarni tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida gaz yetkazib beruvi gaz taqsimlash quvurlari (GTQ) joriy ta’mirlandi. Yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari kompressor yordamida zichlikka va mustahkamlikka sinalib, havo yordamida tozalandi.

Joriy yilning 1 noyabr sanasidan Mergancha va Navbog‘ mahallalaridagi ko‘p qavatli uylar tabiiy gaz bilan ta’minlandi.

Hozirda Navbog‘ mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylarda gaz ta’minotini yanada yaxshilash uchun 800 p/m d- 219 mm. bo‘lgan qo‘shimcha gaz tarmog‘i tortilib, ulash ishlari amalga oshirilmoqda. Hududdagi Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan d-219 mm. yer osti o‘rta bosimli, uzunligi L-2,2 kilometrli gaz tarmog‘i ham qayta ta’mirlanmoqda.

Bog‘ishamol mahallasidagi 13 ta ikki qavatli uylar 1970-1974 yillarda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda tabiiy gaz tarmoqlari eskirib, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lganligi tufayli, loyihalash instituti mutaxassislarining taklifiga binoan, suyultirilgan gazga moslashtirilib, mahsulot yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, ushbu mahalladagi 13 ta ko‘p qavatli uylarni 2021 yilda kapital ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, gaz tarmoqlarini ham yangilash ko‘zda tutilgan.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.