Ustoz ulug‘ligi nimada?
O‘qituvchilik – Allohning inoyati bilan berilgan uchta kasblardan biri ekan. Ustoz degan sharafga muyassar bo‘lganlar agar haqiqiy ustoz bo‘lsa haqiqatda ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘ladigan insonlardir.
Hayotimni tahlil qilib, ortga nazar solib, xulosaga keldimki, men haqiqiy ustozlarni ko‘rgan shogird ekanman.
Men o‘qigan maktabda Umirzoq Abdunazarov degan matematika o‘qituvchimiz bor edi (Alloh rahmat qilsin!). U kishi ko‘chada uchrashib qolsak ham, do‘ppingni ol, deb qo‘lga oldirardi va endi uning kashtasining yuzasini top, der edi. Bu darsliklarda yo‘q narsa, lekin hayotda bor. Biz topa olmasak, shu gullarning yuzini o‘zi topishni o‘rgatib, formulasini chiqarib to‘liq tushuntirib berardi. Keyin biz ham shunday qilib, hamma narsaga matematika nuqtai nazaridan yondoshar edik. Biz maktabdan uygacha ancha yo‘l yurardik. Shunda yurgan yo‘limizning masofasini ham o‘lchab formulasini chiqarardik. Shunday bo‘lganki, insonning butun hayoti matematika qurshovida, deb tushunganmiz.
Shu fazilat menga ham o‘tib qolgan ekan chog‘imda, hozir iqtisodiy hodisalar, ularning o‘zaro bog‘liqliklari haqida formula yasashim, uni amaliyotda qo‘llab hisob-kitob qilishim hech ham qiyinchilik tug‘dirmaydi.
O‘sha maktabimizdagi ximiya o‘qituvchimiz hozir 100 yoshga yaqinlashib qoldi, umrlari uzoq bo‘lsin. Har birimizga bir hafta bitta modda rolini o‘ynashni topshirardi. Masalan, bir hafta men natriyman. Butun natriyning xususiyatlarini, u qayerda uchraydi, qanday moddalar bilan reaksiyaga kirishadi, reaksiya natijasida nimalar hosil bo‘ladi, xullas hamma-hammasini o‘rganar edik. Men o‘zimni (natriyman) to‘liq o‘rganib aytib berganimdan keyin boshqa modda rolini o‘ynar edim. Shu tariqa ximiyani zo‘r o‘rganmiz.
So‘ngra o‘zimizda bor narsalarning tarkibini o‘rgatar edi. Butun borliqni ximiya, deb tushuntirgan. Tuproq, suv, havo – hammasining formulasini yozib ko‘rsatardi.
Men o‘qigan maktab hozirgi til bilan aytganda, uzoq chekka qishloqda joylashgan. Hamon o‘sha joyda. O‘tgan yil qishlog‘imizdagi 14-maktab viloyatda yetakchi bo‘lib, bolalarning oliy maktabga kirishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallabdi. Respublikada ham nufuzli o‘ringa sazovor bo‘lganini maktab direktori N.O‘sarov faxr bilan so‘zlab berdi.
Bir jarayon hamon yodimda, biz o‘qituvchilarimizni xafa qilib qo‘ymaslik va munozara jarayonida qiynalib qolmaslik uchun uy vazifalarini hamisha to‘liq tayyorlab kelishga harakat qilardik. Baho olish ikkinchi darajali edi. Muhimi, bilim olish, munozara jarayonida uyalib qolmaslik asosiy vazifamiz bo‘lgan.
Qaysi mamlakatda ustozlar ulug‘lansa, o‘sha mamlakatlar eksportga kartoshka yoki boshqa oziq-ovqat mahsulotlari emas, g‘oyalar, innovatsion texnologiyalarni eksport qilmoqda. Bizda ham sohaga e’tibor kuchaydi, lekin kamchiliklarimiz ham anchagina. Ularni bartaraf qilib, Yangi O‘zbekistonga munosib ustozlarni tarbiyalashimiz kerak. Ustozning ulug‘ligi – uning ustozligida. Ustozlik esa, uning shu nomga munosibligida!
Mamayunus PARDAYeV,
SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.