Uyda qoldik! “Svetimiz”ni bering – elektrchilar! Samarqand viloyati va shahri elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari e’tiboriga
Joriy yilning 8 aprel kuni kechga tomon yoqqan qor ko‘p joylarda elektr ta’minotida uzilishlarni sodir etdi.
Uyda "svet" o‘chganidan keyin bir oycha ilgari telegram kanalimizda “"Svet" o‘chdimi? Elektrchilarga telefon qiling!” mazmunida elektr ta’minoti korxonalarining dispetcherlik xizmatlari telefon raqamlarini e’lon qilganimiz yodimga tushdi.
Murojaatni 1154 – qisqa raqamli “Kol Sentr” xizmatiga telefon qilishdan boshladim. Bir-ikki signaldan keyin “avto javobgar” o‘zbek tilini bilmaydi shekilli, qo‘ng‘irog‘imga “ne uspeshno”, deb javob berdi... “Samarqand HETK” AJ va shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan berilgan telefon raqamlariga tushish ham foydasiz ketdi...
Ertalab ishga kelayotib, ko‘chalarda qalin qor sabab daraxtlar qulagani, elektr simlarining uzilib yotganini ko‘rdim. “Elektrchilarga qiyin bo‘ldi-da” – kecha chiroq o‘chgani sababi ayon bo‘ldi.
Viloyat elektr ta’minoti korxonasi axborot xizmatidan “O‘zingizni ko‘rsating, elektrchilar ishlayotgani haqidagi axborotlardan ko‘maklashing”, dedik. Axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Samarqand viloyati bo‘yicha 149 ta “fider” - elektr tarmoqlarida zararlanish kuzatilgan. 14:00 gacha 109 tasida ta’minot tiklangan” degan sarlavha bilan maqola e’lon qildik.
“40 ta ob’yekt qolibdiku! Kechgacha uydagi chiroq yonib qolar”, deya xayolimdan o‘tdi. Xom o‘ylagan ekanman, bu oqshom ham svetimiz yonmadi.
Ertasi kuni 1154 ga yana murojaat qildim. “Avtomat javobgar” hartugul bu safar “1,2,3 ni tering”, deb uch tilda biyron gapirdi. Lekin foydasi bo‘lmadi... Sinash uchun, e’londa berilgan boshqa tuman va shaharlarning dispetcherlik xizmatlariga qo‘ng‘iroq qildim... Bir-ikkita tumandan “labbay” javobini olganimni hisoblamaganda, aksariyati ishlamadi.
Buning sababini viloyat elektrchilarining axborot xizmati vakilidan so‘radim.
- Shahar elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmatlarining nomeri almashgan hozir.
- Odatda, kimdandir qarzi bor yoki nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etib qo‘ygan kishigina nomer almashtirardi...
- ....? Juda ko‘p transformatorlarda zararlanish bo‘lgan. Xodimlarimiz tinim bilmay ishlayapti. Mahallangizdagi transformator esa kuyibdi. Remontga olib ketgan. Kechgacha yonadi...
- Unda viloyat bo‘yicha nechta tranformator kuygani, nechtasi ta’mirlanayotgani bo‘yicha ma’lumotlarni bering. E’lon qilamiz, odamlarimiz tushunadi. Elektrchilarning tinimsiz ishlayotgani ushbu raqamlarda ko‘rinadi.
- ...?
Yana uyda “svet” bo‘lmadi. Kechqurun yarim soat yondi-yu, yana o‘chdi. Endi ko‘chaning yarmida bor, yarmida yo‘q...
Bugun to‘rtinchi kun o‘tyaptiki, hozirgacha “svetimiz” yongan emas. Ko‘cha xonadonlaridagi o‘quvchilar videodarslarni qilolmayapti, telefonlarning quvvati tugagan. Uyda o‘tirib ishlayotganlar ish joyiga borib, telefoni quvvatini to‘ldirib kelishga majbur bo‘lyapti. O‘qituvchilar o‘quvchilarining dars tayyorlashini nazorat qilolmayapti. Qo‘shninikiga chiqib “quvvat olay” desa “KARANTIN” va hokazo...
A.ShERXOLOV,
Samarqand shahri, Birlik – 1-tor ko‘cha.