“Uzoq masofaga yuborish uchun nurlar yetarli emas, yaxshisi menga ko‘krak qafasingizni yuboring...”
1923 yilning 10 fevralida taniqli nemis fizigi, rentgen nurlarini kashf etgan va fizika bo‘yicha birinchi Nobel mukofoti sovrindori Vilgelm Rentgen vafot etdi. E’tiboringizga buyuk olim va uning ixtirosi bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni havola etamiz.
***
Rentgen nurlari kashf qilinganidan bir yil o‘tgach, olim ingliz dengizchisidan quyidagi maktubni oldi: “Janob, urush paytidan mening ko‘kragimda o‘q qolib ketgan, uning ko‘rinmasligi sabab shifokorlar uni olib tashlay olmadi. Gazetalarda o‘qni ko‘ra olish mumkin bo‘lgan nurlarni topganingizni bilib oldim. Menga bu nurlarni konvertda yuborsangiz, shifokorlar o‘qni topib olgach, ularni sizga qaytarib yuboraman”. Olim juda hayratda qoldi va dengizchiga javob xati yozdi: “Hozirda uzoq masofaga yuborish uchun nurlar yetarlicha emas, agar sizga qiyin bo‘lmasa, menga ko‘krak qafasingizni yuborsangiz, o‘qni topib olgach, ko‘krak qafasingizni sizga qaytarib yuboraman”.
***
Olimning kamtarligi va pulga befarqligi haqida juda ko‘p afsonalar mavjud. Bir kuni Bavariya knyazi ilm-fandagi yutuqlari uchun uni orden va unvon bilan mukofotlashga qaror qildi, ammo professor unga munosib emasligini aytib, bu imtiyozdan voz kechdi. Hatto Nobel mukofotini topshirish marosimida o‘zining bandligini tushuntirib, marosimga borishdan bosh tortdi. Birinchi jahon urushi boshlanganida va hukumat xalqdan moddiy yordam so‘raganida Rentgen ikkilanmasdan barcha jamg‘armalarini berdi.
***
Rentgen bemor xotinining o‘limigacha uni parvarish qildi. Dafn marosimidan so‘ng u hech kimga kerak bo‘lmay qoldi, och qolib, arang harakat qilardi. Bo‘lajak sovet akademigi, fizik Abram Ioffe uni shifokorga qaratish uchun pul topdi. Rentgenoskopiyaga tushish uchun ikki hafta navbatga turishga to‘g‘ri keldi. Shifokor bemor familiyasini eshitganida juda xijolat tortdi va bemor rentgen nurlarini kashf etgan olim ekanligiga ishonmadi. Albatta, u tashrif uchun pul olmadi.
***
Olim nafaqat pulga, balki olim sifatida o‘zining shon-shuhratiga ham befarq edi. Xususan, o‘z ixtirosidan foyda ko‘rishni istamagan va uning ilmiy ishlanmalari Yerdagi barcha odamlarga tegishli bo‘lishi kerak, deb hisoblagan olim a’zolari keyingi barcha kashfiyotlaridan texnik maqsadda foydalanishni istagan Berlin umumiy elektr jamiyatining manfaatli taklifini rad etdi. Bir amerikalik jurnalist professor haqida shunday yozgan: “Uning laboratoriyasining patent idorasiga qaragan oynalari doimo yopiq turardi”.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.