Uzoq yildan so‘nggi iqror: Yurtimizda qancha kambag‘al bor?
Kambag‘alman, deyish uchun ichimizdagi juda ko‘p tuyg‘ularni yengishimizga to‘g‘ri keladi. Bu oriyatdanmi, g‘ururdanmi, ishqilib, nimadan bo‘lsa-da, o‘zbek xalqi kambag‘alman, degan so‘zni osonlikcha aytmaydi. Bugun unday emas, ana, xalq qabulxonasiga boring, sayyor qabullarni ko‘ring, ijtimoiy tarmoqlarni kuzating, qanchasi uy so‘rab, sharoiti og‘irligini ro‘kach qilayotir, deyishingiz mumkin. Men ham shu haqda o‘yladim. Lekin ularning birortasi men kambag‘alman, qashshoqman, demaydi. Ehtimol, shuning uchun bu so‘z uzoq yillar katta davralarda aytilmadi. Kambag‘al aholi borligi va bu bo‘yicha aniq ishlash kerakligi deyarli tilga olinmadi.
Tilga olinmagani, bizning ongimizga singmagani demakdir. Ammo aytilmagani, muammoning yo‘qligidan darak bermaydi. Bordirki, xalqaro tashkilotlar insonparvarlik yordami sifatida ba’zi ko‘maklarni amalga oshirmoqda.
Yaqinda shunday tashkilotlardan biri sog‘liqni saqlash tizimida katta bir aksiya o‘tkazdi. Xorijdan kelgan tashkilotchilar bilan suhbatlashaman:
– Ushbu insonparvarlik aksiyasini shu paytga qadar yana qaysi davlatlarda o‘tkazgansiz?
- Asosan Afrika davlatlarida. Endi O‘rta Osiyo mamlakatlarida o‘tkazishni boshladik, - deb javob beradi ular.
Yuragim shig‘illab ketdi. Menam o‘sha, kambag‘alman, deyishga or qiladigan xalqning bir vakiliman, axir. O‘shanda va shunga o‘xshash boshqa holatlarda «nahotki», deya ishonchsizlik paydo bo‘lardi har safar. Hatto quyidagi kabi xabarlarni o‘qiganimda ham ko‘nglimda yaxshi tomonga umid ko‘proq bo‘lardi:
«BMT Taraqqiyot dasturi navbatdagi Inson taraqqiyoti indeksini e’lon qildi.
Bu yilgi reytingda ilk uch o‘rinni Norvegiya, Shveysariya va Irlandiya egalladi. Hayot darajasi eng yomon deb topilgan uch mamlakat Chad, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya bo‘ldi.
O‘zbekistonga esa Turkmaniston bilan bitta – 108-o‘rin ravo ko‘rildi. Qolgan qo‘shni davlatlarning o‘rinlari quyidagicha: Qozog‘iston – 50, Qirg‘iziston – 122, Tojikiston – 125, Afg‘oniston – 170».
Ushbu fakt 2019 yil so‘nggidagi ma’lumotlar. Haqiqiy holatni tahlil qilishga baribir nimadir izn bermaydi. Atrofga qaraymiz, odamlar yomon yashayotgani yo‘q-ku, axir! O‘zbekistonning 90 foiz aholisining uyi bor, shu eng katta boylik-ku, maktab bepul, sog‘liqni saqlash bepul va hokazo, kabi taskinnamo fikrlar bo‘y ko‘rsatadi. Ammo shahardan 30 kilometr nariga chiqsak, boshqacha voqelik namoyon bo‘ladi. Yashash uchun oddiygina, zarur bo‘lgan vositalarga ehtiyojning yo‘qligi, odamlar ongida allaqachon yaxshi yashash uchun albatta qayoqqadir ketish kerak, degan tushunchaning shakllangani. Sal jiddiyroq xastalikni davolash ham oila byudjetiga katta ta’sir ko‘rsatishi… Suvni tashib, sotib olib ichayotgan oilalar…
Uzoqqa bormaylik, yaqindagina sodir bo‘lgan voqea hech xayolimdan ketmaydi. Bir erkak kishi juda ko‘p idoralarga qatnab yurdi, o‘sha paytlari uch egizak farzandli bo‘lgandi u. Tabiiyki, uch farzand uchun bir onaning suti yetmaydi. Uning esa rafiqasi farzandlarini dunyoga keltirgach, bu olam bilan vidolashgandi. «Bola oziqasiga qiynalyapman, yordam berishning iloji yo‘qmikan?», degan mazmunda ko‘p joylarga murojaat qildi. Amaldorlarning ensasi qotdi: «O‘l, erkak bo‘lmay, bolaning kashasi uchun pul so‘rashga uyalmadingmi?» mazmunida bir-biriga ma’noli qarash qildi. Bola «kasha»sining narxi bilan u erta-yu kech ishlab topayotgan maoshi o‘rtasida nomuvofiqlik haqida o‘ylab ko‘rishga ehtimol, ularning ham g‘ururi yo‘l qo‘ymagandir.
10-12 foiz aholining kambag‘al ekanligi kichik raqam emas. U bilan qarshi kurashish bevosita iqtisodiyotni mustahkamlash bilan bog‘liqdir. Odamlarda tadbirlilik ko‘nikmasini shakllantirish, kezi kelganda tadbirli kishilarni, aravasini tortishda qiynalayotgan hududlarga joy berib jo‘natish kabi amallarni ko‘paytirish yaxshi natija bo‘lsa kerak. Bunday amaliyotning viloyatimizda qo‘llanilgani va mutasaddilarning aytishlariga qaraganda yaxshi natija berayotgani ham bor gap. Ya’ni urgutlik tadbirkorlar uchun Nurobod tumanidan yer ajratilgani qaysidir ma’noda shu tuman salohiyatini yaxshilashga qaratilgan qadam sifatida baholash mumkin. Katta iqtisodiyot haqidagi bunday tajribalarni ko‘plab misol keltirish mumkin. Gap oddiy insonlarning turmush tarzini yaxshilash haqida ketar ekan, bundan boshqa, individual yondashuvli rejalarni kutib qolamiz, albatta.
Darvoqe, g‘urur haqida… Kambag‘allikni tan olish va imkon boricha unga qarshi harakat qilish kerakligi yuksak minbardan aytilgani, muammoga ochiq-oydin qaranglar, deganday tuyuldi. Modomiki, kambag‘allikni aytishga g‘urur izn bermas ekan, u qashshoqlikka qarshi kurashishga chog‘lasin. Muhimi, g‘urur harakatga, harakat esa g‘ururga tushov bo‘lmasa bo‘lgani.
Gulruh MO‘MINOVA.