Vaksinatsiya dunyoni koronavirusdan xalos etadimi?

Buyuk Britaniya hukumatining bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallans mamlakatda 2021 yilning bahoriga qadar vaksina paydo bo‘lishi dargumonligini va u paydo bo‘lgan taqdirda ham COVID-19 butunlay yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli judayam kam ekanligini ta’kidladi. Bu haqda 20 oktyabr kuni Sky News telekanali xabar berdi.
Telekanal taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Britaniya parlamentida so‘zga chiqqan Vallans koronavirus bilan kurash kelgusida mavsumiy grippga qarshi kurashga o‘xshash holatga kelishini ta’kidlagan.
“Fikrimcha, bizda infeksiyani to‘liq to‘xtata oladigan, chinakam sterilizatsiya qiluvchi vaksina paydo bo‘lishi ehtimoldan yiroq”, dedi Vallans.
Uning fikriga ko‘ra, “har qanday keng tarqalgan ommaviy foydalanish” uchun vaksina kamida 2021 yilning bahoriga qadar paydo bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq.
“Shubhasiz, vaksina paydo bo‘lib uni (virusni) nazorat qilish imkoniyatlari yaxshilanishidan so‘ng u har yilgi grippga o‘xshash holatga keladi”, deb qo‘shimcha qildi Vallans.