Vazirlik fuqarolarni ijaraga berilayotgan dala hovlilarga bormaslikka chaqirdi

Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi Respublikamiz hududida koronavirus tarqalishining oldini olish, sanitariya-epidemiologik vaziyatning barqarorligini hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati va respublikamizning boshqa hududlarida xususiy tartibda ijaraga berilayotgan dala hovlilarga bormaslikni so‘radi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

"Dala hovlilarning qisqa muddatlarga ijaraga berilishi, ularga turli hududlardan fuqarolarning tashrif buyurishi, aksariyat dala hovlilarda dezinfeksiya tadbirlari talab darajasida olib borilmasligi va sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilinmasligi kabi holatlar ushbu joylarda virusli infeksiyalar yuqishi va tarqalishining yuqori xavfini keltirib chiqaradi. Karantin vaqtida eng xavfsiz joy o‘zingiz yashab turgan uyingiz ekanligini unutmang.

O‘zingiz, yaqinlaringiz va boshqa fuqarolarimizning sog‘lig‘ini asrash o‘z qo‘lingizda!", deyiladi xabarda.