Vaziyat murakkab: 24 may kuni koronavirusga chalingan 49 bemorning 36 nafari aholi orasidan aniqlangan
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3180 nafarga yetdi. Ulardan 2565 nafari, ya’ni 81 foizi to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hozirda mamlakat shifoxonalarida 602 bemor davolanmoqda, 3 nafarining ahvoli og‘ir.
Karantin tadbirlari davom etyapti. 44 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 18 mingdan ziyodi statsionar sharoitdagi karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.
Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bir muncha murakkab bo‘lib turibdi. Kecha qayd etilgan 49 bemorning 36 nafari aholi orasidan aniqlangan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu fuqarolar oramizda yurgan hamyurtlarimiz bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, atrofimizda koronavirus infeksiyalari mavjud bo‘lishi hech gap emas. Ko‘chaga chiqishdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘ring, karantin tadbirlariga rioya qiling. Aks holda kasallikni yuqtirib olishingiz va oila a’zolaringizga xavf tug‘dirishingiz mumkin. Har biringiz mas’uliyatni to‘liq his eting. Mabodo, vaziyat bu ketishda davom etadigan bo‘lsa, karantin tadbirlari yanada murakkablashib ketishi tayin. Buni zinhor unutmang!