Viloyat hokimi E.Turdimov xotin-qizlarni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan qutladi

Xalqaro qishloq ayollari kuni Samarqanddagi barcha chekka mahallalarda nishonlandi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, paxta dalalarida uchrashuvlar, konsert dasturlari namoyish etildi, sport musobaqalari, tanlovlar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Paxtachi tumanidagi qishloq ayollari bilan uchrashib, ularni bayram bilan qutladi. Paxta dalasida o‘tgan uchrashuvda qishloq xotin-qizlariga, ilg‘or terimchilarga viloyat hokimining sovg‘alari topshirildi.

***

Kecha, 15 oktyabr payariqlik xotin-qizlar uchun ham haqiqiy ma’noda bayramga aylandi. Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan paxta dalalarida, mahallalarda turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. Yuz nafarga yaqin terimchilarga sovg‘a-salomalar ulashildi.

- Xalqaro qishloq ayollari kunidan aylanay, - deydi Karomat ona Davirova. - Endi shunaqa bayram ham tashkil etilibdimi. Yurtimizga ko‘z tegmasin. 80 yoshni qarshiladim. 11 nafar farzandni voyaga yetkazdim. Hammasini o‘qitdim, elga qo‘shdim. Hozir ellikdan ziyod nevara-chevaralar og‘ushida umurguzaronlik qilayapman. Bundan ortiq baxt bormi?!

- Bir paytlar mahalla maslahatchisi hasharga borsinmi, metallom yig‘sinmi, qaysi biriga bo‘lsin, degan gaplar bilan chiqqan edik, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilfuza Mamasoliyeva. -  Prezident farmoniga ko‘ra, mahalla maslahatchilarining o‘rniga xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. Bu qishloq ayollari bilan ishlashda qo‘l kelayotir. Bunday mutaxassisni tashkil etishdan maqsad oilalarni mustahkamlash, kerak bo‘lsa, zarur chora-tadbirlar belgilashdan iborat.

***

Past Darg‘om tumanining eng chekka hududida joylashgan Qoqsoy mahallasi ayollari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda 200 nafardan ortiq mahalla faollari, qishloq ayollari ishtirok etdi. Paxta yig‘im-terimida faolligi bilan xirmonga o‘z hissasini qo‘shayotgan ilg‘or 15 nafar terimchi ayollarga tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan sovg‘alar taqdim etildi. Tuman madaniyat uyi san’atkorlari tomonidan konsert dasturi uyushtirildi, qishloq ayollari o‘zlari tikkan mehnat mahsulotlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Gulruh MO‘MINOVA.