Viloyat hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Sessiya ishini Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

Deputatlar 2020 yilgi viloyat byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, joriy yilgi soliq-byudjet siyosatiga asosan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida birnecha turdagi soliq stavkalari pasaytirildi. Biroq ishlab chiqarish hajmining hamda tadbirkorlar sonining oshishi hisobiga daromadlar bazasi kengayib, yo‘qotishlar o‘rni qoplangan. Yil yakuniga qadar viloyat byudjetiga qo‘shimcha 400 milliard so‘m daromad tushirilishi prognoz qilinmoqda.

Qo‘shimcha daromadlar hisobiga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi bunyodkorlik ishlariga 65 milliard so‘m, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ijtimoiy soha muassasalariga 97,6 milliard so‘m, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish jamg‘armasiga 5 milliard so‘m, harbiy-ma’muriy sektorni rivojlantirishga 28,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Kelgusi yilda viloyat mahalliy byudjetining daromadlari jami 2 trillion 714,8 milliard so‘m, xarajatlari esa 3 trillion 36,6 milliard so‘m, respublika byudjetidan ajratiladigan transfert miqdori 321,8 milliard so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ta’kidlanganidek, viloyat byudjeti xarajatlarining 49,6 foizini yoki 537,7 milliard so‘mi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni tashkil etadi.

Viloyat byudjeti xarajatlari sohalar kesimida tahlil qilinganda, ijtimoiy soha xarajatlari 623,9 milliard so‘mni tashkil etishi bildirildi. Shuningdek, kelgusi yilda maktabgacha ta’lim sohasiga 3,2 milliard so‘m, umumiy o‘rta ta’lim xarajatlariga 157 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 391 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida 2020 yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlarini xarid qilishga ajratiladigan mablag‘larni oshirish siyosati davom ettirilishi ma’lum qilindi. Jumladan, dori-darmon va bog‘lov vositalari uchun xarajatlar 36,7 milliard so‘m (2019 yilda 30,7 milliard so‘m) yoki o‘tgan yilga nisbatan 120 foiz ko‘proq mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, kelgusi yilda umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va ekspluatatsiya xarajatlariga 120,9 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Shahar va tumanlar hokimliklari shahar va tumanlar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyada Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi direktori Bahrom Ashrafxonov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mirziyod Mahkamov ishtirok etdi.