Viloyat Kengashi sessiyasida tashkiliy masalalar ko‘rildi
Bugun bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining to‘qqizinchi sessiyada tashkiliy masalalar ham ko‘rildi.
Xususan, Rahmatullayev Behzod Raxmatullayevich viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.
2018 yildan viloyat hokimligi Ishlar boshqaruvchisi lavozimida ishlagan B.Raxmatullayev sotsiolog va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega.
U 2002 yil Samarqand davlat universiteti, 2007 yil Samarqand iqtisodiyot va servis instituti (ikkinchi mutaxassislik), 2009 yil Samarqand iqtisodiyot va servis instituti (magistratura), 2011 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Qayd etilishicha, shu paytgacha viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari bo‘lib kelgan Nazarov Farxod Sharipovich Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i vazifasida ish boshlagan.
Shuningdek, deputatlar Shamshiyev Jamoliddin Ergashevichni viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktori lavozimiga tasdiqlashdi.
2018 yildan viloyat hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan J.Shamshiyev moliya, pul muomalasi va kredit mutaxassisligiga ega.
U 2003 yil Samarqand kooperativ instituti, 2005 yil Samarqand iqtisodiyot va servis institutini (magistr) tamomlagan.
Shu paytgacha viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktori lavozimida ishlagan Arzikulov Saxobiddin Jiyanboyevich Oliy Majlis Senati devonida ish boshlagan.
S.Arzikulov Senat devonining Davlat byudjeti va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini tahlil qilish sho‘’basi bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.