Viloyatda 15 ming nafardan ziyod maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari onlayn tarzda malaka oshirgan

Joriy yilning yanvaridan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining har yili malaka oshirishga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi joriy etilgan. Bunda, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlariga “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasidan mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tish va tasdiqlangan rejaga muvofiq malaka oshirish ta’lim tashkilotlarida ishdan ajralgan holda (oflayn) yoki “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida ishdan ajralmagan holda (onlayn) malaka oshirish imkoniyati yaratilgan.

Bugungi kunda viloyat pedagog xodimlarining 60 279 nafari malaka oshirish uchun ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 15662 nafari hududiy markazda, 15166 nafari onlayn platformada malaka oshirib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan. Ya’ni viloyat bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarini malaka oshirishga jalb qilish rejasi 30 iyun holatiga  51,1 foizga  bajarilgan.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida 2023 yil 30 yanvardan 16 iyunga qadar  “Singapur metodikasi” bo‘yicha qisqa muddatli maqsadli o‘quv kurslari tashkil etildi, - dedi markaz direktori A’lamjon Ibragimov. - Singapur tajribasi asosida milliy markazda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida singapurlik tajribali mutaxassislar tomonidan mahorat darslari tashkil qilinib, tinglovchilarning rahbarlik qobiliyati, bilimi va tajribasi oshirildi. Ushbu o‘quvlarda tuman (shahar)lardagi  808 ta maktabdan  237  nafar maktab direktori, 314  nafar direktor o‘rinbosari, 264   nafar fan o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida onlayn malaka oshirish tizimining afzalligi, ya’ni pedagog istalgan vaqtda platformaga kirib, o‘quv darslarni yuklab olishi mumkinligi haqida gapirildi. Shuningdek, hali bu borada muammolar borligi, lekin shunga qaramay bundan buyon har yili barcha maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlarining malakasi uzluksiz oshirib borilishi ta’kidlandi.

Xurshida ERNAZAROVA.