Vorislikka munosib dorilfunun

Shu yil 16-17 iyul kunlari «Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi» mavzusida xalqaro onlayn ilmiy anjuman o‘tkaziladi.

Buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek 1420 yilda ta’sis etgan madrasai oliya o‘zining ko‘lami, salohiyati va oliy maqomi bilan nafaqat Sharqda, balki G‘arb olamida ham juda tez shuhrat qozongan. Mirzo Ulug‘bek qurdirgan oliy madrasa va uning qoshida barpo etilgan o‘sha davrning eng mukammal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan rasadxona o‘zining me’moriy betakrorligi, nodirligi, devorlari va peshtoqida aks etgan yetti iqlim xaritasi hamon olimlarni hayratga solib kelmoqda.

Mashhur tarixchi Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” asarida qayd etilishicha, 1420 yil 21 sentyabr kuni Mirzo Ulug‘bek madrasasi ochilishi marosimida o‘z davrining yetuk olimi Shamsiddin Muhammad Xavofiy Klavdiy Ptolomeyning astronomiya fani yutuqlariga bag‘ishlangan “Al-Majastiy” (“Almagest”) asari bo‘yicha ilk ma’ruza darsini o‘tib, bosh mudarris etib tayinlanadi. Xuddi mana shu sana Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasi (yevropaliklar nazdida esa akademiyasi) faoliyatining boshlanish sanasi deb qabul qilingan. Shu sana tarixda Samarqand davlat universitetiga tamal toshi qo‘yilgan kun sifatida belgilanishiga asos qilib olinmoqda.

Mirzo Ulug‘bekning Movarounnahr temuriylar saltanatini boshqargan qariyb 40 yillik davri mobaynida Samarqand, Buxoro, G‘ijduvondagi madra¬salaridan yetishib chiqqan olimlarning katta ilmiy maktabi shakllandi. Ulug‘bek yaratgan ilmiy maktabda ikki yuzdan ortiq turli soha olimlari faoliyat yuritib, astronomiya, riyoziyot, handasa, boshqa tabiiy va aniq fanlar tadqiqiga bag‘ishlangan qator qo‘llanmalar yara¬tdi. Madra¬sada Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an’analarga sodiqlik bilan ularning izlanishlari davom ettirilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyati Samarqand davlat universiteti rasman tashkil topgunga qadar muntazam davom etgan.

1868 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek madrasasiga qarashli 24 ta hujra to‘liq faoliyat ko‘rsatgan. Ularda 48 nafar talaba yashab tahsil olgan bo‘lsa, XX asr boshlariga kelib ularning soni 108 nafarga yetgan. Ulug‘bek madrasasi keyingi davrdan – XX asr boshlarigacha mintaqaning eng qadimiy va e’tiborli oliy ta’lim maskani sifatida bu yerdagi xalqlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojini qondirib keldi. Bu madrasani bitirgan mutaxassislar Markaziy Osiyo mintaqasidagi tamaddunning tarixdagi eng og‘ir kunlarida ham oyoqda qolishiga ko‘maklashdi.

XX boshlarida, ya’ni 1920 yil sobiq sovet hukumati ziyolilarning takliflarini e’tiborga olib, o‘sha vaqtda respublika poytaxti bo‘lgan Samarqandda ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtini ochish haqida qaror qabul qiladi. Shu bilan Samarqand davlat universitetining yangi maqomda shakllanishiga dastlabki asos yaratiladi. 1927 yili ushbu o‘quv muassasa Samarqand pedagogika akademiyasiga aylantirildi. 1930 yilda esa O‘zbekiston pedagogika instituti, nihoyat 1933 yili O‘zbek davlat universiteti va keyinroq Samarqand davlat universiteti maqomini oldi. Uning dastlabki professor-o‘qituvchilari tarkibida Samarqand va Buxoro oliy madrasalarini bitirgan pedagoglar – Abdurauf Fitrat, Hoji Muin Shukurullayev, G‘ozi Olim Yunusov, Po‘lat Soliyev, Mirzojon Saidjonov va boshqalar bo‘lgan.

Ertaga o‘z ishini boshlaydigan “Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy anjumanda mamlakatimiz olimlaridan tashqari, chet ellik taniqli tarixchi-olimlar, ilm-fan namoyandalarining qadimgi davrlardan bugungi kungacha oliy malakali mutaxassislar yetishtirishda madrasalar ta’limi, yuksak salohiyatli mudarrislar, ularning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari hamda ta’lim tizimi tarixiga oid boshqa dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar bilan ishtiroklari kutilmoqda.

Mardon Boltayev,

SamDU kengashi kotibi, dotsent.