Xalq demokratik partiyasi jamoatchilik qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning 75 foizini ijobiy hal qildi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida partiya viloyat kengashining 2018 yilgi faoliyati tanqidiy-tahlil qilindi.

Ta’kidlandiki, mahalliy kengashlarda 17 ta jamoatchilik qabulxonalari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu qabulxonalarga kommunal sohaga oid, yer olish, ish bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash kabi masalalar yuzasidan 1038 ta murojaat kelib tushgan. Bugungi kunda bu murojaatlarning 813 tasi yoki 75 foizi ijobiy hal qilingan. Partiya deputatlik guruhlari tomonidan 573 ta hamda 255 ta deputatlik so‘rovlari davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga yuborilgan. Bu 2017 yilga nisbatan 44 foizga oshgan. So‘rovlarning 47 foizi o‘z yechimini topgan bo‘lsa-da, ushbu ko‘rsatkichlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Yig‘ilishda partiya saylovoldi dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, partiya tashkiloti va deputatlik birlashmalarining dolzarb vazifalari belgilab olindi.

B.XONKELDIYEV.