Xalq deputatlari viloyat Kengashining 55-sessiyasi 21 yanvar kuni o‘tkaziladi
Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi J.O‘roqov bugun, 12 yanvar kuni "Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltinchi chaqiriq ellik beshinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida" qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik beshinchi sessiyasi 2022 yil 21 yanvar kuni soat 10:00 da chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilovning viloyatda joylashgan moddiy madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati to‘g‘risidagi axboroti haqida;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mintaqaviy vakilligi (I.To‘xtasinov) ning 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti haqida;
- viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning viloyatda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan 2021 yil yakunlari hamda joylarda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risidagi axboroti haqida;
- “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori G‘.Mamatqulovning viloyat aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti haqida;
- “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbari A.Muhammadiyevning viloyatda “Tabiiy gaz nazorati va hisobini avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti haqida;
- boshqa masalalar.