Xalq qabulxonasiga odamlar ishonadimi?
Inson hayotida turli holatlar, vaziyatlar bo‘lish mumkin. Shunday paytlar bo‘ladiki, tegishli davlat idoralari muammoni hal qilmasdan, «sudrab» yuraveradi.
Ana shunday holatlarda joylardagi Xalq qabulxonalari odamlarning mushkulini yengil qilmoqda.
Jomboy tuman Halvoyi mahallasida yashovchi Sh.Yunusov Samarqand shahar Farhod shaharchasi Shirin mahallasida joylashgan uy-joyning tom qismini ta’mirlaydi. Biroq mehnat haqini olishga kelganda hisob-kitob qiluvchi topilmaydi. Nima qilish kerak? Shu masalada boshi qotgan fuqaro Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, amaliy yordam so‘radi. Natijada ikki hafta muddatda uning 12 million so‘m ish haqi undirib berilgan.
Umuman, joriy yilning 6 oyi mobaynida Samarqand shahar Xalq qabulxonasiga 921 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 581 tasi hududdagi tashkilotlar, 330 tasi yuqori turuvchi tashkilotlarga yuborilgan. Murojaatlarning 368 tasi qanoatlantirilib, 337 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 216 tasi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati kommunal xizmat sohasiga taalluqli. Xususan, olti oy davomida 123 ta uy-joy, 69 tasi gaz, elektr, issiqlik ta’minoti bo‘yicha, 39 ta kommunal to‘lovlar yuzasidan murojaat kelib tushgan. Bundan tashqari, murojaatlarning 47 tasi ish bilan ta’minlash, 26 tasi sog‘liqni saqlash sohasiga, 55 tasi pensiya va nafaqa, 60 tasi ichki ishlar idoralari faoliyatiga, 20 tasi prokuratura faoliyatiga, 37 tasi sud masalalariga oid.
Albatta, jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlar tegishli tashkilotlar rahbarlari tomonidan qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi va ijobiy hal etilishi Xalq qabulxonasi tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahri bo‘yicha tashkil qilingan sektorlar ishchi guruhlari ishini muvofiqlashtirilib, joylarda ommaviy sayyor qabullar tashkil qilib kelinmoqda.
I.NEGMATOV,
Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri.