Xalqaro kosmik kemadagi kosmonavtlar nima bilan shug‘ullanadi?

Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ilmiy taraqqiyotning haqiqiy mo‘’jizasidir. Endilikda kosmosga parvozlar kundalik amaliyot sifatida qabul qilinmoqda, biroq butun yil davomida deraza orqali Yerni kuzatib, nihoyatda murakkab tuzilmada katta tezlikda orbita bo‘ylab uchayotgan odamlar sayyora yuzasidan uzoqda yashab, ishlayotganligi hayratlanarli. Astronavtlarning ishi nihoyatda og‘ir: mashaqqatli tayyorgarlikning o‘zi qancha matonat va kuch talab qiladi.

Xo‘sh, ekipaj orbitada nima bilan shug‘ullanadi va kosmos odamlarga nima uchun kerak?

Kosmik sanoat ishtirokchi-davlatlarga unchalik katta foyda keltirmasa-da, bu soha ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va yangi taraqqiyot bosqichining kaliti bo‘lishi mumkin bo‘lgan kashfiyotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Kosmosdagi tadqiqotlar tufayli hozirda sanoat va zamonaviy insonning kundalik hayotida faol foydalanilayotgan ko‘plab yangi materiallar, texnologiyalar va imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

Kosmonavtlar XKSda nima qilishadi?

Birinchi navbatda bu vaznsizlik sharoitida olib boriladigan tadqiqotlar: Yer yuzida tom ma’noda imkonsiz bo‘lgan tajribalar gravitatsiya yo‘q sharoitda o‘tkaziladi, bunda fizik va kimyoviy jarayonlar o‘zgacha sodir bo‘lib, g‘ayrioddiy xususiyalarni namoyon qiladi. Xususan, koinotda maxsus kristallar yetishtirilib, metallar, qorishmalar va plazmalarning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Yana bir muhim soha – kosmik biologiya. Kosmonavtlar tortishish nol sharoitda oqsillar va tirik organizmlarning xususiyatini o‘rganishadi, tibbiy texnologiyalar ishlab chiqib, dori-darmonlar yaratadi.

Tadqiqot va xavfsizlikni birlashtirgan texnologiya orqali ular asteroidlarni aniqlaydi. Murakkab termal va infraqizil modullar yordamida XKSdagilar ulkan toshlar orqali chuqur fazo tabiatini o‘rganib, ularning yer yuzasiga tushish ehtimoli haqida oldindan ogohlantirishlari mumkin.
Vakuum, past harorat, radiatsiya, kosmik nurlar kabi koinot xususiyatlari o‘rganiladi. Bu xususiyatlarni o‘rganmasdan kelajakni rejalashtirish yoki koinotni boshqa tarzda o‘rganishning imkoni yo‘q. Yerda radiatsiyaning sezilarli ta’siri va tirik organizmlarga zarari tufayli bunday tadqiqotlar o‘tkazilmaydi.

Yana bir samarali tadqiqot – vaznsizlik sharoitida oqsilli kristallarning o‘stirilishi. Bu astro-agronomiya va astrobiologiya kelajakda yangi sayyoralarni mustamlaka qilish uchun juda muhimdir.
Orbital balandlikda kosmonavtlar Yerni ham o‘rganishadi, cho‘llanish dinamikasi, bo‘ronlar va yog‘ingarchiliklar prognozini qilishadi, ozon qatlami holati baholanadi. Shuningdek, kosmosda yerdagi viruslar xavfi ham o‘rganiladi.

Xalqaro kosmik stansiya miqyosi uchun o‘rinsiz tuyuladigan tajribalar ham bor, biroq amaliy nuqtai nazardan bu tadqiqotlar natijasi kundalik hayotga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda, albatta ijobiy ma’noda. Masalan, amerikaning kir yuvish kukunlari, tozalash vositalari va shunga o‘xshash maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Procter & Gamble” kompaniyasi kosmik tadqiqotlar yordamida mahsulot sifatini sezilarli darajada yaxshilab, ularning saqlash muddatini uzaytirdi. Xuddi shu kabi yer yuzidagi deyarli barcha oilalar vannaxonasida bo‘lgan mahsulotlar aynan XKSda yaxshilandi.

Kashfiyotlar qimmatga tushmayaptimi?

Darhaqiqat, vaqti-vaqti bilan “XKS juda qimmat loyiha, mikrogravitatsiya va vakuum kabi ko‘plab kosmik sharoitlarni Yerda sun’iy ravishda yaratish mumkin-ku, bu ancha arzonga tushgan bo‘lardi”, degan tanqidlar eshitilib turadi.

Biroq tanqidiy pozitsiyalar muhim bo‘lish uchun hozirgi vaqtda ular yetarli kuchga ega emas. Ammo geosiyosiy vaziyat va 24 yildan buyon faoliyat yuritayotgan stansiya ekspluatatsiyasi uning resurslari tugab borishini taqozo etmoqda. Hozircha aniq bir narsa deyish qiyin, lekin yaqin kelajakda XKS o‘z faoliyatini to‘xtatishi va kosmik dasturda ishtirok etuvchi davlatlar o‘z orbital stansiyalarini yaratish ehtimoli katta. Bu esa o‘z navbatida kosmik tadqiqotlar davlatlar va insoniyat taraqqiyotiga muhim o‘rinni egallashidan dalolat beradi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.