Xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 1-qismi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan fuqarolar B.T., U.M. va J.A.larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi doirasida 2019 yilning 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV va DXX xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan Toshkent shahri hududida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida yuqorida qayd etilgan shaxslarning Suriya davlati hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilishni rejalashtirib kelganlikda gumon qilingan 8 nafar jinoiy sheriklari aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ushbu shaxslarning yashash manzillarida tintuv tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyat ishiga daxldor bo‘lgan ashyoviy dalillar olindi. Olingan ashyoviy dalillar yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘ragan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining minjust.uz rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, ekstremistik va terroristik deb topilgan tashkilotlar, sahifalar, kanallar va nomlar ro‘yxati e’lon qilib borilayotganligini ma’lum qilgan.