Xalqaro tibbiy ta’lim fakulteti talabalari Gippokrat qasamyodini qabul qildi
Samarqand davlat tibbiyot institutida joriy yilda xalqaro tibbiy ta’lim fakulteti ochildi va 200 nafar xorijlik talabalar o‘qishga qabul qilindi.
Samarqanddagi oliy tibbiy dargoh bilan Rossiya, Polsha, Pokiston va Hindistonning bir qator oliygohlari va oliy ta’limga aloqador tashkilotlar qiziqish bildirib, hamkorlik bitimlarini imzoladi. Qo‘shma dasturlar va xalqaro tibbiy ta’lim bo‘yicha 100 dan ortiq Pokiston va hindistonlik talabalar 1-kursga qabul qilinib, tahsil olmoqda.
Tibbiyot sohasi vakillari oldida har doim inson hayoti masalasi turishi sababli ular qadimdan an’anaga aylangan Gippokrat qasami qabul qiladi. Bu tantana ularni bo‘lajakda o‘z kasbiga sodiq qolishga, har qanday vaziyatda insonlarga yordam berishga tayyor ekanliklarining bir ramzidir.
Joriy yilning 26 dekabr kuni xalqaro tibbiy ta’lim fakulteti 1-kurs talabalari institutda Gippokrat qasamyodini qabul qilishdi.
Institut rektori, professor Jasur Rizayev talabalarni ushbu tadbir bilan qutlab, institut nufuzining o‘sishi va xorijiy talabalar qabuli yanada kengayishini ta’kidladi.
Tadbirda xalqaro tibbiy ta’lim fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan madaniy dastur namoyish etildi. Talabalar ijro etgan musiqa va raqslar, Pokiston va Hindiston milliy qo‘shiq va raqslari barcha ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi.
SamDTI axborot xizmati.