Xalqni aybdor qilish oson. Lekin fuqaroning huquqini buzgan MIB xodimi haqida nega aytilmayapti?

Sentyabr oyida Bosh prokuratura uch marta MIB xodimiga qarshilik ko‘rsatilgani haqida rasmiy xabar berdi. Bir marta ham fuqaroning huquqini buzgan MIB xodimi haqida axborot berilmadi. Mayli, gap bunda emas, deyiladi Davletovuz kanalida.

MIB fuqaro bilan haddan tashqari ko‘p muloqot qiladigan, odamlar bilan tortishishi, san-manga borishi ehtimoli katta bo‘lgan tuzilma. Afsuski, MIBning prokuratura qanoti ostida bo‘lishi fikrimizcha, manfaatlar to‘qnashuviga olib kelyapti. Ya’ni, prokuratura amalda o‘z xodimini javobgarlikka tortishi ehtimoli juda past. Da’vogaring qozi bo‘lsa, dardingni kimga aytasan?

Bu tizim o‘zaro tiyib turish tamoyiliga zid, nazarimizda. Sababi prokuraturaning asosiy vazifalaridan biri - qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish. Aslo MIB xodimini oqlash emas. Ilgari ham yozganmiz, MIBni prokuratura tizimidan chiqarish kerak. O‘zi umuman o‘tgan davrdagi 2-3 yillik faoliyatini bir elakdan o‘tkazib, maqsadga muvofiqligi va samaradorligini o‘rganib ko‘rish lozim.

Amaldorlarning xalqni aybdor qilish “kasali” bor o‘zi. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurash haqida gap ketsa, pora berganlarni ushlash avjiga chiqadi. “Odamlarning o‘zi beradi, axir!” deyishadi, odamlarni yomonotliq qilishadi. Fuqaro instansiyama-instansiya murojaat qilib, sarson bo‘lsa, uni huquqiy madaniyatsizlikda ayblashadi. MIBni jabrdiyda qilib ko‘rsatishdan maqsad ham shunaqa “politika” bo‘lsa, ajab emas.


P.S.: Davlat hokimiyati va boshqaruvi xodimlari qanchalik adolatsizlik qilishmasin, qo‘l ko‘tarishni qoralaymiz. Qonun doirasida ish tutish kerak.