Xitoy hukumati Rossiyadan borgan dengiz mahsulotlarida COVID-19 aniqlanganini ma’lum qildi

Xitoy shimoliy-sharqidagi Szilin provinsiyasi kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi Rossiyadan import qilingan, muzlatilgan dengiz mahsulotlari qadog‘ida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, koronavirus infeksiyasi aniqlangan qadoq provinsiya poytaxti Chanchun shahrida o‘tkazilayotgan odatiy tekshiruv chog‘ida topilgan. 19 sentyabr kuni kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi olingan natijalarni tasdiqladi.

Chanchun tibbiyot mas’ullari COVID-19 aniqlangan qadoqqa aloqador barcha odamlarni aniqlashdi va ular tibbiy nazoratga olindi.

Biroq ushbu qadoqdagi 10 kilogramm hajmdagi dengiz mahsuloti o‘sha provinsiyaning Fuyuy shahrida tarqalib ketishga ulgurdi. Mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi, ushbu mahsulotga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan aholining COVID-19 ga test tahlili topshirishlarini so‘radi.