Xitoy kompaniyasi yangi "Toshkent – Samarqand" temir yo‘l liniyasini qurishi mumkin

Transport vazirligi tarqatgan xabarda shu haqda so‘z yuritilgan.
Qayd etilishicha, Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning «Tianjin Rail Transit Group» kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Yunkan Ma bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Unda metropoliten va temir yo‘l transportini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etilgan.
Xususan, Xitoy tomoni mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, "Toshkent – Samarqand" yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Kompaniya mazkur loyihalarni batafsil o‘rganish asosida o‘z takliflarini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Uchrashuv davomida Jasurbek Choriyev "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li va Transafg‘on koridorini qurish bo‘yicha yirik loyihalar haqida axborot bergan. Mazkur loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni jalb etish borasida hamkorlikka qiziqish yuqori ekanligini bildirgan.