Xitoy poytaxti Pekinda va Baodin shahrida koronavirus xavfi tufayli “komendantlik soati” qayta joriy etildi
Pekinning yirik ulgurji savdo bozorlaridan birida koronavirus o‘chog‘i qayd etilganidan so‘ng COVID-19 infeksiyasining tarqalib ketish xavfi o‘ta yuqori baholanmoqda. Bu haqda Pekin ma’muriyati matbuot xizmati rahbari Syuy Xeszyan ma’lum qildi.
Shanba kuni poytaxtdagi “Sinfadi” bozorida koronavirus o‘chog‘i aniqlanganidan so‘ng bozor faoliyati to‘xtatildi va Fentay hududida “komendantlik soati” joriy etildi. Shu bilan birga poytaxtdagi umumxalq salomatligiga xavf II darajagacha ko‘tarildi.
Syuy Xeszyanning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt ma’muriyati kasallik tarqalishining oldini olish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘radi. Jumladan, bozor va bozor atrofidagi hududlarda keng epidemiologik tekshiruvlar o‘tkaziladi, kasallik paydo bo‘lish sabablari aniqlanadi. Shuningdek koronavirus o‘chog‘i aniqlangan hududdagi barcha odamlar test tahlilidan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga 15 iyun kuni Pekinning Xebey provinsiyasi bilan qo‘shni hududda joylashgan, 11 million aholiga ega Baodin shahrida ham “komendantlik soati” joriy etildi.
“Mazkur shaharlar o‘rtasida avtomobil qatnovi o‘ta yuqori hisoblanadi. Shu sababli Baodin shahrida ham yuqori darajali ogohlik talab etiladi”, deyilmoqda shahar ma’muriyati bergan bayonotda.