Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari koronavirusga qarshi kurash choralarini muhokama qiladi

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari TIV rahbarlari 16 iyul kuni onlayn uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuvda COVID-19ga qarshi kurash choralari muhokama qilinadi. Bu haqda 15 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan “Xitoy – Markaziy Osiyo” birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi”, deyilgan vazirlik saytida.

Vazirlik matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston TIV rahbarlari ishtirok etadi.

Videokonferensiya chog‘ida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi munosabatlarni mustahkamlashning dolzarb masalalari hamda iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish mexanizmlarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.