Xitoylik tadbirkorlar Bulung‘urga 350 million dollar investitsiya kiritadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Bulung‘ur tumanida Xitoy ishbilarmonlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasini  jalb etgan holda yangi korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish yuzasidan takliflarini bildirgandi.

Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida mazkur yo‘nalishda nima ishlar qilindi, qaysi yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi? Bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida tuman hokimi Bahodir BaHromov quyidagilarni gapirib berdi.

– O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi sa’y-harakati bilan Xitoyning o‘ndan ortiq kompaniyasi mamlakatimiz iqtisodiyotiga 5 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish istagini bildirdi, – deya gap boshladi B.Bahromov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uning 350 million dollari tumanimizga yo‘naltirildi. Ushbu sarmoyadan samarali foydalanish maqsadida tumanimizdagi 2 ming gektar lalmi va 3 ming gektar yaylov yerda xitoylik tadbirkorlar ishtirokida chorvachilik kompleksi yaratish, suyak va terini qayta ishlash, baliqchilik, parrandachilik, uzumchilik, issiqxona, intensiv bog‘, meva-sabzavotni qayta ishlash logistika markazi tashkil etish kabi 15 ta loyiha ishlab chiqdik. Xitoylik tadbirkorlar bu loyihalarni o‘rganib chiqdi.

Shuningdek, tumanimizning 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi. Dastur doirasida 102 milliard 595 million so‘mlik, shundan 11 million 200 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etiladi. Dastur loyihasiga ko‘ra, 2019 yilda 25 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 55 milliard 585 million so‘m, shu jumladan, 2 ta loyiha bo‘yicha 8 million 700 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritiladi. Ushbu investitsiyaning asosiy qismi ham Xitoy davlatiga tegishli – 4 million 200 ming dollar. Yiliga 1250 kvadrat metr sifatli sendvich panel, penoplast ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi korxona xitoylik tadbirkorlarning 1 million 200 ming dollarlik sarmoyasi hisobidan ishga tushirilmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda xitoylik tadbirkorlarning 3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan 100 ish o‘rniga ega bo‘lgan oyiga 1,5 million dona sifatli g‘isht ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona ham hademay faoliyatini boshlaydi.

Tumanimizda bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha rejalarimiz bor. Aynan shu soha rivojini ta’minlash uchun 2018 yil 18-27 sentyabr kunlari tumanimizdagi mutaxassislar va fermerlar bilan Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tgan "Flor Mart" xalqaro ko‘chatchilik ko‘rgazmasida qatnashdik. U yerda uzumchilik va vinochilik sohasida yangiliklarni joriy qilish borasida bir necha kompaniyalar vakillari bilan uchrashdik va italiyalik tadbirkorlar bilan iqlimimizga mos keladigan sanoatbop uzum navlari va dekorativ daraxtlarni investitsiya hisobiga keltirish borasida kelishib oldik. Natijada vinochilikda mashhur bo‘lgan "Maestro Verde" va boshqa kompaniyalar vakillari tumanimizga kelib, yer maydonlari, iqlim sharoiti bilan tanishib, mos bo‘lgan vinobop uzum navlarini yetishtirish va keyinchalik o‘zlarining vino ishlab chiqarish korxonasini ochish taklifini bildirdi.

Umuman, italiyalik va xitoylik investorlar bilan tumanimizdagi 3 ming gektardan ortiq uzumzor va 5,5 ming gektar bog‘dan yuqori hosil olish va uni sifatli qayta ishlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyat olib boryapmiz. Chunki shu paytgacha bog‘ va uzumzorlarning hosildorligi past, foydalanish samaradorligi esa 40 foizga ham bormasdi. Shuning uchun mavjud tokzor va bog‘larni xatlovdan o‘tkazdik va birinchi yo‘nalish sifatida eksportbop uzumzorlarni tiklash, ikkinchidan, vinobop uzum navlarini ko‘paytirishni rejalashtiryapmiz. Muhimi, xorijiy hamkorlar ko‘magida mahsulotni o‘zimizda qayta ishlaymiz va eksportga chiqaramiz. Bu borada o‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida dastlabki amaliy ishlarni boshlab yubordik. Ya’ni, yillar davomida faoliyati to‘xtab qolgan "Bulung‘ur-1" vino ishlab chiqarish korxonasiga zamonaviy uskunalar keltirilib, ishlab chiqarish jarayonini tikladik. Natijada 2018 yilda 800 ming dollarlik mahsulot qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.

Bundan tashqari, Belarus Respublikasining Mogilova oblastiga borib, baliqning noyob turlarini o‘zimizda yetishtirish, 1 million dollarlik quritilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish borasida kelishuvlarga erishdik.

Shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimanki, o‘tgan yili buyuk britaniyalik tadbirkorlarning 4,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi hisobidan "PURE DIAMOND SILK" qo‘shma korxonasini tashkil etdik. Mazkur korxona yiliga 600 tonna pillani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda 200 nafar mahalliy aholi muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi. 2020 yilda esa Janubiy Koreya sarmoyadorlarining 2,5 million dollar sarmoyasi evaziga meva-sabzavotni saralash va qayta ishlovchi qo‘shma korxona ishga tushadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV yozib oldi.