Xitoyning yana 6 ta shahri Samarqand shahrining birodariga aylanadi
Bugun Samarqand shahriga Xitoy xalqaro do‘stlik jamiyati raisi Li Syaolin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi.
“Afrosiyob” tezyurar poyezdida kelgan mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov kutib oldi. Mehmonlar tashrifni dastlab Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi so‘ngra, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, “Afrosiyob” muzeyi, Shoxi Zinda majmuasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy joylarni tomosha qildi. Kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahrining Universitet xiyobonida qurilgan Konfutsiy maydonida hamda “Registon” ansamblida bo‘lishdi.
Tashrif davomida mehmonlar bilan viloyat hokimining Turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev uchrashuv o‘tkazdi. Unda kelgusida Xitoyning yana 6 ta shahri birodar shaharlar safiga qo‘shilishi bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi. Shu paytgacha Sian shahri, Samarqandning birodar shahri hisoblanardi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Samarqand delegatsiyasini shu yilning may oyida Xitoy davlatida jamiyat tomonidan tashkil etiladigan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligiga bag‘ishlangan taqdimot forumida ishtirok etishga taklif etdi.
Xitoy xalqaro do‘stlik jamiyati haqida ma’lumot:
Jamiyat 1954 yilda tuzilgan bo‘lib, butun Xitoy xalqini boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarining rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning asosiy maqsadi – xalqaro do‘stlik, hamkorlikni mustahkamlash, dunyoda tinchlikni himoya qilishdan iborat.
Xitoy xalqaro do‘stlik jamiyati 157 davlatdan 500 ga yaqin xalqlarni do‘stlik va hamkorlik aloqalari bilan birlashtiradi. Xitoy xorijiy davlatlar bilan savdo-sotiq, ilmiy-texnika taraqqiyotida yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda.
Husan Eltoyev.