Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Jozep Borrel Isroilning ikki vaziri sanksiyalar joriy etishni taklif qildi
🔹 Rossiya Tergov qo‘mitasi mamlakat mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari armiya generali Pavel Popovni hibsga oldi. Unga qarshi jinoiy ish harbiy Patriot parki yirik loyihasini amalga oshirish doirasidagi firibgarlik bilan bog‘liq. Mudofaa vazirligi tizimining yuqori martabali vakillariga qarshi shov-shuvli jinoiy ishlar turkumi joriy yilning aprelida mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovning hibsga olinishi bilan boshlangan.
🔹 Armaniston 2027 yilda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
🔹 Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrel Ukraina tomonidan G‘arb qurollarini qo‘llash bo‘yicha mavjud cheklovlarni bekor qilish va Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘shimcha taqdim etishga chaqirdi. Shuningdek, Niderlandiya Kiyevga berilgan qiruvchi samolyotlaridan Rossiya havo hududida foydalanishni cheklamaydi.
🔹Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirga qarshi «nafrat uyg‘otish» bo‘yicha sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Ular G‘azo sektori aholisini insonparvarlik yordamidan mahrum qilishga chaqirgandi.
🔹 Pavel Durov qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun hibsdan ozod etildi. Unga 5 million yevro miqdorida garov to‘lash va Fransiya hududini tark etmaslik aytilgan. Parij sudi Durovni bolalar pornografiyasini tarqatish, giyohvand moddalar savdosi, shuningdek, uyushgan guruh tarkibida firibgarlikda ayblamoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Durov Shveysariyada ota-onalik huquqidan mahrum etildi. Bu haqda uch farzandining onasi Irina Bolgar xabar bergan.
🔹 Yamanning “Ansor Alloh” harakatidan husiylar Qizil dengizda hujumga uchragan va shikastlangan “Sounion” tankerini tortib olish uchun vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Gretsiya bayrog‘i ostida Qizil dengizda suzib ketayotgan tanker 21 avgust kuni hujumga uchragan.
🔹 AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi Mayk Benz jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Amerika hukumati Telegram platformasidan o‘z hukumatini Vashington ko‘magida almashtirishga intilayotgan mamlakatlarda norozilik harakatlarini safarbar qilish uchun faol foydalanayotganini aytdi.
🔹 Xitoy Markaziy Harbiy Kengashi raisi o‘rinbosari Chjan Yusya AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan bilan uchrashuvda Amerika tomonidan Tayvan armiyasi bilan “harbiy til biriktirishni” to‘xtatishni talab qildi.
🔹 Qozog‘istonning Freedom banki Rossiyaning “Zolotaya korona” to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi.
🔹 Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i Botsvana va Ganani ham qamrab olgandan so‘ng dunyoning 105 mamlakatida foydalanish mumkin bo‘lgan tarmoqqa aylandi.