Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Ukraina birinchi marta Shimoliy Koreya qo‘shinlariga hujum qilgan. Boy amerikaliklar Rossiyaga ko‘chib o‘tmoqchi
🔹 Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga harbiylarini jo‘natgani uchun yiliga 600-700 ming tonna guruch, kosmik texnologiyalarni o‘tkazish va askarlar uchun 2 ming dollar to‘lov talab qildi. Bu haqda The Korea Herald xabar bergan.
🔹 Eronda "axloq politsiyasi" Tehron universiteti talabasi Azadni noto‘g‘ri hijob kiyganlikda ayblab, kiyimiga shikast yetkazgach, u norozilik sifatida kiyimini yechib tashlagan. Qo‘lga olish chog‘ida qiz boshi bilan urilgan. Hozircha uning ahvoli haqida ma’lumot yo‘q. Rasmiylar unda “ruhiy kasallik” borligini aytmoqda.
🔹 Toshqindan vayron bo‘lgan Valensiyaga kelgan Ispaniya qiroli Filipp VI aholi tomondan loybo‘ron qilindi. Ispaniyada kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan suv toshqini qurbonlari soni 200 dan oshgan.
🔹 Gruziya muxolifat kuchlari o‘tgan parlament saylovlari natijalari tan olinmagani munosabati bilan parlament binosi yaqinida bugun kechqurun bo‘lib o‘tadigan katta miting o‘tkazilishini e’lon qildi.
🔹 Rossiya harbiy amaliyotlar zonasida boshlangan yomg‘irli mavsum tufayli faol jangovar harakatlarga tanaffus qildi. Shu kunlari Ukraina qurolli kuchlari birinchi marta Kursk viloyatida Shimoliy Koreya qo‘shinlariga hujum qilgani aytilmoqda.
🔹 Boy amerikaliklar mamlakatni cheksiz muddatga tark etishni rejalashtirmoqda. Advokatlik firmalar birinchi marta mijozlar bazasida emigratsiya qilishni xohlovchilar soni 30 foizga oshganini qayd etgan. E’tiborlisi, ularning ba’zilari Rossiyaga ko‘chishni ko‘rib chiqmoqda. Mutaxassislar bu tendensiyani 5 noyabrdan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklar bilan bog‘laydi.
🔹 Turkiyaning yillik inflyasiyasi sezilarli darajada pasaydi.
🔹 Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, agar Donald Tramp bo‘lajak saylovlarda g‘alaba qozonsa, Ilon Mask AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarida vositachi rolini o‘ynashi mumkin. Xitoy Mask uchun katta qiziqish uyg‘otadi: chunki Tesla elektrmobillarining yarmi u yerda ishlab chiqariladi.
🔹 Eron hukumati Isroilning harakatlariga javoban nafaqat raketa va dronlardan, balki kuchliroq kallaklarga ega boshqa turdagi qurollardan ham foydalanishni rejalashtirmoqda. Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabrda Eron Isroilga qarshi 200 ga yaqin ballistik raketalarni uchirgan.
🔹 Moldovadagi saylovlarda protokollarning 99 foizi hisobida amaldagi prezident Mayya Sandu g‘alaba qozondi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.