Xorij xabarlari: Avstraliyada halokatli virus joylangan yuzlab naychalar g‘oyib bo‘lgan
🔹 Suriyaning yangi konstitutsiyasi loyihasini olti oy ichida yakunlash rejalashtirilmoqda. Hürriyet yozishicha, hujjat matni dastlabki olti oy ichida ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng Konstitutsiya umumxalq referendumiga qo‘yiladi.
🔹 Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 12 dekabr kuni Varshavaga tashrif buyurib, Ukrainada xalqaro tinchlikparvar missiyasini yaratish tashabbusini muhokama qilmoqchi.
🔹 Yana bir davlat - Qatar 13 yil o‘tib, Suriyada elchixonasini ochish niyatida. Qatarning Damashqdagi elchixonasi 2011 yilda Bashar Asad xalq noroziliklarini kuch bilan bostirgani uchun yopilgan. Turkiya ham Suriyada elchixona ochadi.
🔹 Mamlakatda harbiy holat joriy etilganidan keyin hibsga olingan Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon o‘z joniga qasd qilishga uringan. 65 yoshli sobiq vazir Seul sharqidagi Dongbu qamoqxonasida ichki kiyimidan bog‘langan arqon bilan o‘zini osmoqchi bo‘lgan. Qamoqxona xodimlari buning oldini olgan.
🔹 Seshanba kuni Gruziya parlamenti yaqinida ketma-ket 13-marta norozilik namoyishi bo‘lib, u tinch o‘tdi. Yarim tunda namoyishchilar tarqalgan.
🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Yangi cheklov choralari Donald Tramp prezidentlikka kelishidan oldin qabul qilinishi rejalashtirilgan.
🔹 AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Jo Baydenni Ukrainaga yordam berishda soliq to‘lovchilar mablag‘idan shaxsiy maqsadlarda foydalanganlikda aylamoqda.
🔹 Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad Moskvada yashayotganini rasman ma’lum qildi.
🔹 Avstraliyada olimlar 323 flakon halokatli virusni yo‘qotishdi. Shisha idishlarning 100 tasida otlardan odamlarga yuqadigan o‘lim darajasi 57 foizli Hendra virusi bo‘lgan.
🔹 Kongo Demokratik Respublikasida noma’lum kasallik avj oldi. Bundan allaqachon 140 dan ortiq odam vafot etgan. Kasallikning belgilari: burun oqishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i va isitma. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, patogen o‘lim darajasi koviddan ham yuqori pandemiyaga olib kelishi mumkin.
🔹 Suriya muvaqqat hukumati bosh vaziri Muhammad al-Bashir Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng suriyaliklar uchun “barqarorlik va osoyishtalikdan bahramand bo‘lish” vaqti kelganini aytdi.
🔹 Ingur GESi suv sathining keskin pastligi tufayli ishni to‘xtatgandan so‘ng butun tan olinmagan Abxaziya elektrsiz qolgan.
🔹 Bashar Asad hukumati ag‘darilishidan sal avval, Ukraina suriyalik isyonchilarga harbiy yordam ko‘rsatgan, deb yozadi Washington Post. Bu to‘rt-besh hafta oldin sodir bo‘lgan. Kiyev Suriyadagi muxolif guruhga yordam berish uchun Idlibdagi isyonchilar shtab-kvartirasiga ko‘plab dron va dron operatorlarini yuborgan va Asadning ag‘darilishiga o‘z hissasini qo‘shgan.
🔹 Rossiyada rus tilini bilmaydigan muhojir bolalarni maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi.