Xotin-qizlar qo‘mitasining ishi faqat tadbir o‘tkazish emas

Yilning dastlabki uch oyida viloyatdagi 51 nafar mahalla mutaxassislarining ishi boshqatdan ko‘rib chiqilib,  30 nafari yangidan ishga tayinlandi. Nega?

Xotin-qizlar qo‘mitalari  tomonidan 533 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 80 nafariga nogironlik aravachalari topshirildi. Bu raqamlar xotin-qizlar qo‘mitasining yo‘l xaritasida belgilangan raqamlarga mos keladimi?

Ajrim yoqasidagi 572 oila yarashtirildi, noqonuniy nikoh asosida yashayotgan 793 oilaning nikohi rasmiylashtirildi, uyma-uy yurish natijasida qariyb 90 ming xotin-qizlarning oilalaridagi ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomlashtirildi. Xo‘sh, ba’zi  oilalarga e’tiborsizlikning sababi nimada?

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni bo‘yicha xotin-qizlar qo‘mitasining yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining boshqaruv yig‘ilishida muhokama etildi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan  yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova so‘zga chiqib, o‘tgan uch oy mobaynida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi.

- Prezidentimiz Farmonidan so‘ng qo‘mita ishi tubdan takomillashdi, ish aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yildi, - deydi Gavhar Alimova. – Ilgari xotin-qizlar qo‘mitasi asosan turli tadbirlar tashkilotchiligidan ortiq vazifani amalga oshirolmasdi, bugun xotin-qizlarning qaysi qismi bilan ko‘proq ishlashi, aniq manzilli yordam berish bo‘yicha rejamiz bor. Shunday bo‘lishiga qaramay, ushbu masalaga yetarlicha e’tibor qaratmayotgan hududlar ham bor. Yoki ishiga yuzaki yondashish holatlarini kuzatamiz.

Xususan, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishda xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida jamoatchilik asosida tashkil etilgan uyushmalar («Huquqshunos ayol», «Ijodkor ayol», «Ilm-fan va ayol») ning faoliyati umuman sezilmayapti.

Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muxtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 5303 nafar xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan yordam manzili yo‘l xaritasida belgilangan. Ammo Bulung‘ur tumanida 26 nafar xotin-qizga ajratilishi lozim bo‘lgan nogironlik aravachasi bilan faqat 2 nafari ta’minlangan xolos. Qo‘shrabot tumanida boquvchisini yo‘qotgan onalar va to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan bolalar hamda yakka-yolg‘iz keksa ayollarga birinchi chorak davomida hech qanday ijtimoiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilmagan.

Viloyatda ishsiz xotin-qizlar 5699 nafarni tashkil etib, shulardan 2538 nafari bandlik markazida hisobda turganlar, 3161 nafari uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan ishsiz ayollardir. Ammo Toyloq tumanida 468 nafar ishsiz xotin-qiz ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, joriy yil davomida bor-yo‘g‘i 15 nafari ishga joylashtirilgan. Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan kichik ishlab chiqarish korxonasi Qo‘shrabot, Narpay, Samarqand, Toyloq tumanlarida tashkil etilmagan.

Ayollar o‘rtasida jinoyatchilik va jinoyatda ishtirok etish o‘tgan yilgiga qaraganda 34 taga kamaygan bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda, xususan,  Kattaqo‘rg‘on shahar, Narpay, Past Darg‘om, Paxtachi tumanlarida bu ko‘rsatgich ko‘paygan. Xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari Kattaqo‘rg‘on shahar, Urgut, Bulung‘ur, Nurobod, Payariq tumanlarida oshgan. Tuman, shahar “Oila” markazlari tomonidan tahlil olib borish ishlari va oiladagi salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan tavsiyalar talab darajasida bo‘lmaganligi uchun oilaviy ajrimlar soni ayrim mahallalarda oshgan.

Yig‘ilish davomida shuningdek, onalar va bolalar salomatligi, xotin-qizlarga ajratilayotgan kreditlarni olishdagi to‘siqlar, xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkilotlari, “Qizlarjon” klublarining faoliyati, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda hamkor tashkilotlarning e’tiborsizligi ham jiddiy muhokama etildi. Kamchiliklarni bartaraf etish, joylardagi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish, ishni samarali tashkil etishda e’tibor qaratiladigan jihatlar belgilab olindi. 

Gulruh MO‘MINOVA.