Xurshida Matlyubova: “Bizda buyrak ko‘chirib o‘tkazilmaydi”
“Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi”, deyishadi. Inson umri davomida tibbiyot bilan hamnafas bo‘ladi. Shu sababli doim zamonaviy va malakali tibbiyotga ehtiyoj sezamiz. Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ana shunday muassasalardan biri. 320 o‘rinli markazda jarrohlik, urologiya, proktologiya, ginekologiya, lor, revmatologiya va pulmonologiya, umumiy ichki kasalliklar, asab kasalliklari, fizioterapiya va gematologiya kabi bo‘limlar mavjud. Markaz bosh shifokori Xurshida Matlyubova bilan muassasa faoliyati haqida suhbatlashdik.
- Inson yaralgandan boshlab tibbiyot u bilan yonma-yon taraqqiy etib kelmoqda. Ayting-chi, yigirma yil avvalgi tibbiyot bilan bugungisining o‘rtasida qanday farq bor?
- Juda katta farq bor. Masalan, yigirma yil avval shifoxonamizda barmoq bilan sanarli tibbiy uskunalar bo‘lsa, bugungi kunda bizda deyarli barcha zamonaviy apparatlar mavjud. Avvallari biz kasalning faqat og‘rigan joyini davolagan bo‘lsak, bugungi kunda bemorlarni boshdan-oyoq tekshiruvdan o‘tkazib, so‘ngra davo choralarini ko‘ramiz. Endi ishga kelgan paytlarim bir bemor nevrologiya bo‘limida davolanib ketdi. Birozdan so‘ng men u ayolni boshqa bo‘limda uchratdim. Ayol bu safar tomoq yo‘li og‘riyotganidan shikoyat qildi. Shundan so‘ng bemorni faqat og‘rigan joyini emas, balki butun organizmini tekshirish kerakligini tushunib yetdim. Bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun, avvalo uni barcha ko‘riklardan o‘tkazish kerak.
- Viloyat shifoxonasida mijozlarga qaysi xizmat turlari bepul? Davolanuvchilar uchun dori-darmonlarning hammasi pullikmi?
-Agar bemor yashash joyi bo‘yicha qishloq vrachlik punktiga, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalariga murojaat qilib, yo‘llanma bilan kelgan bo‘lsa, biz bemorga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatamiz. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmidan tashqari tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatilsa, mijoz ularning haqini to‘laydi. Agar mijoz tegishli yo‘llanmasiz, tibbiy yordam olish uchun murojaat etsa, pullik xizmat ko‘rsatiladi. Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish talab etiladigan hollar bundan mustasno.
- Sizningcha, kasalliklarning yildan yilga ko‘payib borayotganiga sabab nima? Tibbiyot rivojlanib borayotgan bir paytda kasalliklarning turi oshayotganini nima bilan izohlaysiz?
- Odamlar o‘z salomatliklariga befarq. Agar har bir kasallik vaqtida davolansa, hech qanday muammo bo‘lmaydi. Ammo ba’zilar vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tmaydi. Natijada kasallik rivojlanib ketadi.
- Har bir sohaning o‘ziga yarasha muammosi bo‘lishi tabiiy. Sizdan bemorlar norozi bo‘lgan holatlar bormi?
- Shu haqda gapirmoqchi edim. Yaqinda bir bemor buyrak qo‘yib berishimizni so‘rab, yuqori idoralarga murojaat qilibdi. Birinchidan, buyrak ko‘chirish amaliyotini o‘tkazish uchun bizda litsenziya yo‘q. Ikkinchidan, bu jarrohlik nihoyatda qimmat turadi. Operatsiya o‘tganidan keyin ham bemor zarur dori-darmon qabul qilib turishi kerak. Bu dori vositalari esa juda qimmat. Ayrimlar bizning vakolatimizga kirmaydigan vazifalarni talab qilishi dilimni xira qiladi.
- Ba’zida “Kasali eskicha ekan, bemorni uyiga javob berib yuborishibdi”, qabilidagi gaplarni eshitib qolamiz. Bunday holatga munosabatingiz qanday?
- Tajribamizda hali bunaqasi bo‘lmagan. Biz bemorlarni obdon davolab, so‘ngra javob beramiz.
- Tajribali shifokor sifatida ayting-chi, sog‘lom turmush tarziga amal qilish uchun nimalardan voz kechish kerak?
- Kechqurun to‘yib ovqatlanishdan va harakatsizlikdan saqlanish kerak. Muntazam sport bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish, vaqtida dam olishni bilish – sog‘lom turmush tarzidir.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.