XXI asrning oxiriga kelib yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadigan shaharlar

Mabodo Maliga ekzotik sayohat qilishni, Venetsiya kanallari bo‘ylab qayiqda yoki San-Fransiskodagi Oltin darvoza ko‘prigi bo‘ylab sayr qilishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz bilan fotokamerani olish yodingizdan chiqmasin. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, kelajakda bu fotosuratlar bunday ajoyib joylarning bor bo‘lganligi haqida kelajak avlodga yetkazishning yagona yo‘li bo‘ladi.

Tabiat 2100 yilga kelib sayyoramizdan yo‘q bo‘lib ketadigan o‘nlab shaharlarni nishonga olib qo‘ydi.
Buning iqlim o‘zgarishi, dengiz sathining ko‘tarilishi, tabiiy ofatlar va iqtisodiy muammolar kabi sabablari ko‘p. Bu esa quyida keltirilgan joylarning har biri Atlantidaga aylanib qolish mumkinligining dalolatidir.

San-Fransisko, AQSh
Odamlar San-Fransisko seysmik xavfli zonada joylashgani va bu shaharda tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turishini bilishadi. Biroq, kuchli falokat olib kelishi mumkin bo‘lgan dahshatli oqibatlar odatiy tushunchalar chegarasidan ancha yiroq. Mutaxassislar 75 foiz ehtimol bilan San-Fransiskoda yaqin 70 yil ichida Rixter shkalasi bo‘yicha 7 yoki undan ham yuqori balli zilzila codir bo‘lishini aytmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi o‘n yilliklarda shaharning 900 mingdan ziyod aholisi asta-sekinlik bilan kamayib boryapti. Gap shahardagi hayotning juda qimmatligida ham emas. Odamlar o‘zlariga “o‘z hayotini xavf-xatar ostiga qo‘yib bu xavfli joyda yashash zarurmi?”, degan savolni bera boshladilar.

Venetsiya, Italiya

Dunyodagi eng romantik shahar so‘nggi ming yil davomida doimiy ravishda cho‘kib borayotir. O‘tgan asrda cho‘kish tezligi keskin oshib, tuproq darajasi bu vaqt davomida 24 santimetrga pasaydi. O‘tgan 30 yilda Italiya hukumati shahar himoyasi uchun 20 dan ortiq dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Lekin ular qanchalik samarali bo‘lishi noma’lum.

Ivanovo, Rossiya

Ilgari shahar yirik to‘qimachilik markazi bo‘lgan, minglab ayollar bu yerga ish ishlab kelganligi sababli Ivanovo kelinlar shahri deb atalgan. 1990 yilda shahar aholisi 550 kishidan oshdi, lekin 25 yil davomida u deyarli 30 foizga kamaydi. O‘lim darajasining yuqoriligi, jinoyatchilik, giyohvandlik va spirtli ichimliklarning suiiste’mol qilinishi fonida tug‘ilishning pastligi, infratuzilmaning barbod bo‘lishi bir vaqtlar obod shaharni vayron qilgan va uni xira soyaga aylantirgan sabablardir. Eng yomoni, yoshlar ommaviy ravishda Ivanovoni tark etib, boshqa rivojlangan hududlarga ko‘chib o‘tishyapti.

Mexiko, Meksika

Ajoyib tarixga ega sayyoradagi eng katta 10 ta shahardan biri bo‘lgan Mexiko asta-sekin “cho‘kayapti”. Shahar kuchli suvli qatlamda (quritilgan suv tubida) joylashgan va har safar odamlar suv jo‘mragini ochganda, u biroz pasayadi. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi 65 yil ichida Mexikoning bir qismi 9 metrdan ko‘proq cho‘kkan. Shu sababli Meksika poytaxtining istiqboli aniq bir tasavvurga ega emas.

Timbuktu, Mali

Kuchli shamol olib keladigan qum uyumlarining unumdor yerlarga hujumi jiddiy muammolarga olib keladi. 60 ming aholi istiqomat qiladigan Afrika janubidagi eng qadimiy manzilgoh Timbuktu shahriga aynan shu xavf tahdid solmoqda. Mali hukumatining barcha sa’y-harakatlariga qaramay, ushbu shaharning ba’zi hududlari allaqachon cho‘l bilan jangda mag‘lub bo‘ldi. Hozir ularning teng yarmi qum bilan qoplangan, shu sababli minglab mahalliy aholi o‘z uyini tashlab ketishga majbur.

Neapol, Italiya

Belgilangan muddatga borib portlaydigan bomba – Vezuviy vulqoni kutilmaganda Neapolni yer bilan yakson qilishi mumkin.

Bangkok, Tailand

Tailand poytaxti Bangkok ham yo‘qolib ketish xavfi ostida. Yetti million aholisi bo‘lgan shahar dengiz sathining ko‘tarilish tufayli yildan-yilga cho‘kib bormoqda. O‘tgan asrda bu shaharning ba’zi ko‘chalari haqiqiy kanallarga aylangan.

AQShning boshqa shaharlari

Iqlim o‘zgarishi va dengiz sathining ko‘tarilishi Amerikaning ko‘plab qirg‘oq bo‘yidagi shaharlari uchun jiddiy tahdiddir. Vaziyatlar tahlili keyingi 15 yil ichida suv toshqini oqibatida ko‘rilgan zarar deyarli ikki barobar ortishini ko‘rsatdi. Muammo o‘nlab yirik shaharlarga ta’sir qilishi mumkin. Ular orasida Los-Anjeles, Filadelfiya, Baltimor, Charlston, Xyuston, Long-Aylend, Sakramento, Portlend, San-Diyego, Sietl va boshqalar bor.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.