Yakun yaqinmi? Jahondagi neft va gaz zaxiralari qancha vaqtga yetadi? Bizda-chi?
Butun dunyoda neft va gaz qazib olishni sanoatlashtirishning boshlanishi 1860-70 yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytlardan boshlab o‘tgan asrning 80-yillarigacha “qora oltin” va “zangori yoqilg‘i” zaxiralari tom ma’noda geometrik tarzda o‘sib borgan. 1979 yildagi Eron inqilobi natijasida yuzaga kelgan neft zarbasini boshidan kechirgan odamlar har qachongidan ham ko‘p yangi konlarni izlay boshladi.
O‘shanda insoniyat barcha zaxiralar tugagach, avlodlari neft va gaz bozori uchun qattiq kurashishi, qayta tiklanmaydigan resurslarning tugash muammosini hal qilishi va hatto muqobil choralarini izlab ko‘rishlari haqida o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
Yillar davomida sohaning yaqinlashayotgan halokati to‘g‘risidagi dahshatli bashoratlar haqqoniy chiqayotganiga o‘xshaydi. Fakt faktligicha qolayapti: bir kun kelib, uglevodorodlarni qazib olish yuqori cho‘qqiga chiqqach, pasaya boshlaydi va nihoyat to‘xtab qoladi. Rostdan ham, hozir neft va gaz zaxiralari qancha qolgan va qachon tugaydi?
Rasmiy ma’lumotlar
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, jahon tahliliy tuzilmalari uglevodorod xomashyosining umumiy zaxiralari bo‘yicha tarqoq ma’lumotlarni taqdim etadi, chunki resurlarni hisobga olish turli tasniflar asosida amalga oshirilishi mumkin. Aniqlik kiritish maqsadida biz British Petroleum transmilliy kompaniyasining 2020 yil global energiyasi natijalari bo‘yicha statistik sharhini asos qilib olamiz.
Kimda qancha neft bor?
VR hisob-kitoblariga ko‘ra neft zaxiralari bo‘yicha mutlaq rekordchi Venesueladir. Bu mamlakatda 303,8 milliard barrel neft bor. Saudiya Arabistoni Venesueladan bir oz pastroq pog‘onani egallaydi – qirollikdagi neft zaxiralari 297,6 millard barrelni tashkil etadi. Kanada o‘zining 169,7 milliard barreli bilan bu uchlikni yakunlaydi.
Gaz-chi, gaz?
30 yillik davr davomida tabiiy gaz zaxiralarining tasdiqlangan dinamikasi boshqacha suratlarni ko‘rsatmoqda. 2020 yil holatiga ko‘ra dunyoda jami 196,8 trillion m3 gaz mavjud bo‘lib, “zangori yoqilg‘i”ning mamlakatlar bo‘yicha taqsimlanishida tub farqlanmoqda.
Ushbu bo‘g‘imdagi birinchilik Rossiyaga tegishli: mamlakatdagi tabiiy gaz jahon zaxirasining 19 foizdan ortig‘ini, ya’ni 38 trillion m3ni tashkil etadi. Eron 32 trillion m3 (16,1%) zaxiralari bilan amalda ular bilan teng. Zaxirasida 24,7 trillion m3(12,4,%) gazi bo‘lgan Qatar ham “katta uchlik”ga kiradi.
2010 yilda dunyoda 208,4 trillion kubometr gaz bo‘lgan. 2020 yilga kelib aniq pasayish kuzatildi, biroq dastlabki yillarda sohada o‘sish bo‘lib turgan edi. 1991 yilda jahon zaxiralari hajmi 131,2 trillion kubometrni tashkil qilgan bo‘lsa, 2001 yilga kelib bu ko‘rsatkich 168,6 trillion m3ga oshdi.
Neft zaxiralaridan farqli o‘laroq, boshqa mintaqalarda gaz zaxiralari jadal rivojlanmoqda. 1991-2001 yillarda maksimal o‘sish Yaqin Sharqda (+28,2 trln m3), Yevropa, Shimoliy va Markaziy Osiyoda (+21,9 trln m3) qayd etilgan.
Zaxiralar qanchaga yetar ekan?
Uglevodorod xomashyosining to‘liq kamayish muammosini bo‘rttirib ko‘rsatish ekologik kun tartibi va yangi pandemiya haqiqatida yangi ma’no kasb etdi. Bundan tashqari, karantin inqirozi dunyoga soha qanchalik zaif ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.
VR Energiya rivojlantirish bozori sxemalaridan birida 2050 yilga kelib qazib olinadigan yoqilg‘iga global talab 85 foizga qisqarishini taxmin qilmoqda.
Yangilarini qazib olish va ma’lum bo‘lganlarini takomillashtirish, olinishi qiyin bo‘lgan zaxiralarni qazib olish texnologiyalari qutqarish chambaragi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bundan tashqari sanoatchilar yangi konlarni qidirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishlari, shuningdek, og‘ir geologik sharoitlarda joylashgan rentabelsiz (foydasiz) konlarni va neft va gaz zonalarini o‘zlashtirishning yangi usullarini izlashlari lozim.
Shu sababli ko‘pchilik kelajakka umid bilan qaraydi. Ekspertlarning bir qismi esa uglevodorodlarni qazib olish mavjud zaxiralar tugashidan oldin halokatga uchrashiga ishonishadi.
2020 yildagi inqiroz neft va gaz zaxiralarining ko‘payishi haqidagi umidlarni puchga chiqardi. Ko‘plab geologik qidiruv loyihalari qisqartirildi, investitsiyalar boshqa maqsadlarga yo‘naltirildi. Demak, yaqin yillarda neft-gaz sanoati oldinga, zaxiralarning tugashiga qarshi kurash esa orqaroqqa suriladi. Xulosa shu, taxminan 25-30 yil o‘tib, hali zaxiralar tugamasidan dunyoning aksar davlati neft va gazdan kechishi mumkin.
O‘zbekistondagi tabiiy gaz zaxiralari 1,86 trillion kubmetrni tashkil qiladi
2020 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda tabiiy gazning tasdiqlangan zaxiralari 1,86 trillion m3ni tashkil qildi. Ushbu zaxiralarning ko‘pi “O‘zbekneftegaz” korxonasiga, deyarli to‘rtdan bir qismi Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.
OAVda 2021 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 53,8 milliard kubometr darajasiga rejalashtirilgani aytilgan. Ishlab chiqarishning asosiy qismi “O‘zbekneftegaz” korxonasi (64,3 foiz), “Lukoyl” ikkinchi, “Uz-Kor Gas Chemical” uchinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda.
Hozirgi ishlab chiqarish hajmlarini hisobga olganda, bu kamida 34 yilga yetadi. Biroq zaxiralarning ko‘payishi hisobga olinsa, kelajakda bu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.